Zo‘ravonlikka huquqni himoya qilish va boshqa davlat organlari tomonidan yetarlicha e'tibor berilmayapti

  • 17:58 / 12.08.2019
  • 209

Foto: parliament.uz

2019-yil 12-avgust kuni Parlament quyi palatasining Demokratik institutlar, nodavlat tashkilotlar va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari qo‘mitasi tomonida ekspertlar va ishchi guruhi a'zolari ishtirokida o‘tkazilgan kengaytirilgan yig‘ilishda “Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi har tomonlama muhokama etildi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Matbuot xizmati xabar bermoqda.

Hozirgi globallashuv davrida xotin-qizlarning huquq va erkinliklari, qonuniy manfaatlarini himoya qilish yanada dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Ayniqsa, ayollarning ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy-huquqiy faolligini oshirish davr talabiga aylanayotganini qayd etgan davlatimiz rahbari “Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ishlab chiqish lozimligini bildirgan edi.

Qator qonun hujjatlariga ko‘ra, shaxsga nisbatan jismoniy zo‘ravonlik qilish jinoiy jazolanadigan qilmish bo‘lishiga qaramay, amaliyotda ayollarga nisbatan, ayniqsa, oilaviy-maishiy hayotda zo‘ravonlik hollariga huquqni himoya qilish va boshqa davlat organlari tomonidan yetarlicha e'tibor berilmaydi. Shu bois ham ruhiy va iqtisodiy zo‘ravonlik hamda tazyiq uchun javobgarlikni qonunchilik yo‘li bilan tartibga solish talab etilmoqda. Bu masalalar to‘liq qamrab oladigan yagona qonun mavjud emasligi esa, davlat organlariga tizimga solingan kompleks statistika olib borish imkonini bermayapti.

Yig‘ilishda ta'kidlanganidek, loyihani pishiq-puxta holiga keltirib, maromiga yetkazish jarayonida har bir modda sinchiklab tahlil qilindi. Havolaki normalar chiqarilib, to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishlaydigan moddalar kiritildi.