“O‘zbekiston eng ko‘p suv sarflaydigan davlatlardan biri” – Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vaziri 

  • 20:03 / 07.01.2020
  • 578

Bugun Xalqaro press-klubning O‘zbekistonda uy-joy va kommunal soha islohotlariga bag'ishlangan navbatdagi sessiyasi bo‘lib o‘tdi. 

"O‘zbekistonda uy-joy va kommunal soha islohotlari: muhim vazifalar va muammolarning chuqur tahlili" mavzusida tashkillashtirilgan mazkur sessiyada O'zbekiston Respublikasi moliya vazirligi, Investitsiya va tashqi savdo vazirligi, Energetika vazirligi, Geologiya va mineral resurslar Davlat qo'mitasi vakillari ishtirok etdilar.

Sessiya ishtirokchilari tomonidan aholiga toza ichimlik suvi qanday yetib borayotganligi masalasi ham ko‘tarildi. 

Qayd etilishicha, O‘zbekiston ishlatadigan barcha turdagi suvlarning 94,5 foizi yuridik sohaga, ya’ni qishloq xo‘jaligi, ishlab chiqarish va boshqalarga yo‘naltiriladi. Hamda ularning 5,5 foizini fuqarolar iste’mol qiladigan suvlar tashkil etadi.

Aholi foydalanayotgan toza ichimlik suvi borasida sessiya ishtirokchilarining fikri eshitilganda, Respublika bo‘ylab 13 mingdan oshiq quduqlar mavjud bo‘lib, toza ichimlik suvini asosan yer osti quvurlaridan olinishi aytib o‘tildi.

Shuningdek, O‘zbekiston fuqarolarining 9 foizi maxsus mashinalarda yetkaziladigan suvni iste’mol qiladi. Bunga Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Farg‘ona viloyati, Qashqadaryo viloyati va boshqa viloyatdagi chekka hududlarda istiqomat qiladigan fuqarolar  kiradi.

“O‘zbekistonning yer ustidagi va yer ostidagi suvlarni o‘rganish uchun Moskva davlat universitetidan  mutaxassislarni taklif qilganmiz. Ular bilan hamkorlikda suvni yo‘naltirishning 2021-yil 1-mart holatigacha strategik rejani ishlab chiqamiz, - deydi Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vaziri Muzaffar Soliyev. – O‘zbekistonda suv narxi esa eng arzon hisoblanadi, ya’ni 310 so‘m. Shuningdek, O‘zbekiston eng ko‘p suv sarflaydigan davlatlardan biri hamdir.”