1-maydan ish beruvchiga yosh xodimlari uchun to‘laydigan ijtimoiy solig‘i to‘liq qaytarib beriladi – Prezident farmoni

  • 16:58 / 20.04.2021
  • 118

prezident.uz

2021-yil 1-maydan 2023-yil 1-yanvarga qadar ish beruvchilarga 25 yoshdan oshmagan xodimlar uchun to‘lanadigan ijtimoiy soliq summasi Davlat byudjetidan to‘liq qaytarib beriladi. 

Bu borada Prezidentining “Yoshlarning tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash va bandligiga ko‘maklashish, ularni ijtimoiy himoya qilish hamda bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmonida belgilab qo‘yildi.

Bunda, soliq summasi yoshlar 6 oy davomida uzluksiz ishlaganda, 7-oydan boshlab qaytariladi.

Mazkur tartibdan ko‘zlangan maqsad 2021-yilda 346,4 ming nafar yoshning ishga qabul qilinishiga erishish bo‘lib, buning natijasida tadbirkorlarga 253 mlrd so‘mdan ortiq soliq summasi qaytariladi.

Shuningdek, “Yuz ming tadbirkor xotin-qizlar” loyihasi doirasida qiymati 33 mln so‘mgacha tayyor biznes-rejalar banki yaratiladi.

Bundan tashqari yoshlarga oid davlat siyosatini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi tashkil etiladi va jamg‘armaga davlat byudjetidan 100 mlrd so‘m ajratiladi.