1-oktyabrdan boshlab hududlarda 14 ta IT-texnikum faoliyati yo‘lga qo‘yiladi – Prezident

  • 21:46 / 10.09.2021
  • 157

Joriy yil 1-oktyabrdan boshlab barcha hududda 14 ta IT-texnikum faoliyati yo‘lga qo‘yiladi. 

Bu haqda Shavkat Mirziyoyev raisligida bo‘lib o‘tayotgan IT sohasida kadrlar tayyorlash, Prezident, ixtisoslashtirilgan va ijod maktablarida ta’lim sifatini yuksaltirish bo‘yicha muhim vazifalar muhokamasiga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida aytib o‘tildi.

Yig‘ilishda ta’kidlanishicha, tegishli qaror asosida bugungi kunda har bir hududda jami 100 ta ixtisoslashtirilgan IT-maktab faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Kelgusi ikki yilda ularning soni 205 taga yetkazilib, 30 mingdan ziyod o‘quvchilar raqamli texnologiyalarga chuqurlashgan holda o‘qitilishiga erishiladi.

Davlat rahbari mutasaddilarga ikki hafta muddatda ushbu maktablarning pedagoglari tarkibi, kompyuter sinfi va o‘quv dasturi bilan ta’minlanganini o‘rganib, har bir maktab kesimida reja tasdiqlash topshirig‘ini berdi.

Qayd etilishicha, IT-texnikumlarda dasturiy injiniring, axborot xavfsizligi, telekommunikatsiya kabi yo‘nalishlar bo‘yicha 8 mingga yaqin o‘quvchilar tahsil oladi. Hozirgi kunga qadar Jizzax, Namangan, Samarqand, Surxondaryo, Xorazm, Toshkent viloyatlari va Toshkent shahrida 7 ta texnikum faoliyatini boshlashga tayyor.

Lekin Qoraqalpog‘iston, Andijon, Buxoro, Navoiy, Qashqadaryo, Sirdaryo va Farg‘onada texnikumlar binosini ta’mirlash, moddiy-texnika bazasini mustahkamlash ishlari boshlanmagan.

Viloyat hokimlariga 1-oktyabrga qadar texnikumlarda pedagoglar tarkibi va moddiy ta’minot masalalarini hal qilib, ularni to‘liq ishga tushirish topshirildi.