1-oktyabrdan yangi qurilgan ko‘p qavatli uylar uni qurgan tashkilot tomonidan boshqariladi 

  • 17:27 / 17.06.2021
  • 295

2021-yil 1-oktyabrdan boshlab yangi qurilgan ko‘p kvartirali uy-joy dastlabki ikki yil davomida uni qurgan tashkilot tomonidan boshqariladi va ushbu davrga kafolat muddati joriy qilinadi. 

Bu haqda Prezidentning “Ko‘p kvartirali uy-joylarni boshqarish tizimini yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi qarorida ma’lum qilindi.

Shuningdek, ko‘p kvartirali uy-joylarni boshqaruvchilarning elektron reyestri shakllantiriladi va ularning avtomatik reytinglari yuritiladi.
 
2021-yil avgustdan tajriba o‘tkazilayotgan hududlarda, 2022-yildan esa respublika bo‘yicha ko‘p kvartirali uy-joyni boshqarishga billing tizimi joriy etiladi. Ya’ni, har bir xonadon uchun shaxsiy hisob raqami ochilib, tarif bo‘yicha xonadonbay hisob-kitob yuritiladi.

Bundan tashqari, qaror bilan Uy-joy inspeksiyasiga quyidagi vakolatlar berilmoqda:
 
–  ko‘p kvartirali uy-joy mulkdori tomonidan olib borilayotgan qayta qurish va rejalashtirish ishlarini nazorat qilish;
–  ko‘p kvartirali uy-joylarning qurilishi tugallangandan so‘ng aniqlangan kamchiliklarni bartaraf qilishga ko‘rsatmalar berish, yo‘l qo‘yilgan huquqbuzarliklar yuzasidan aybdor shaxslarni javobgarlikka tortish bo‘yicha materiallarni huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuborish. 

Qayd etilishicha, qaror ko‘p kvartirali uy-joylarni boshqarish tizimini yanada takomillashtirish, boshqaruv organlarining moliyaviy barqarorligini ta’minlashga qaratilgan. Asosiy maqsad ko‘p kvartirali uy-joylarda yashayotgan aholi uchun barcha sharoitlarni yaratib berishdan iborat. 

Mavzuga doir:

Ko‘p kvartirali uy-joylar boshqaruvi "JEK"lardan boshqaruv-servis tashkilotlariga o‘tkaziladi