10 gektar yerni qariyb $2 millionga sotmoqchi bo‘lgan 6 nafar shaxs qo‘lga olindi

  • 11:19 / 01.05.2021
  • 127

Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanida ikki nafar fuqaroga 10 gektar yerni 2 million AQSh dollariga evaziga hokimlik orqali rasmiylashtirib sotishni "niyat" qilgan fuqaro va uning sheriklari aytilgan pulning 50 ming AQSh dollarini olayotgan vaqtida qo‘lga olindi.

Joriy yilning 19-aprel kuni fuqarolar S.X. va X.S IIVga yo‘llagan arizasida, Muhammadjon ismli shaxs Bo‘stonliq tumani Navobod mahallasi hududida joylashgan oromgoh va baliqchilik ko‘li tashkil qilish uchun – Bo‘stonliq tuman hokimligi tomonidan investitsiya kiritish sharti bilan ajratilgan 10 gektar yer maydonini 1mln 900 ming AQSh dollariga hokimlik orqali hujjatlashtirib berish sharti bilan sotmoqchi ekanligini, hozirda esa aytilgan pulning 50 ming AQSh dollari berishini talab qilayotganligini ma’lum qilgan va unga nisbatan qonuniy chora ko‘rishni so‘ragan. 

Mazkur arizaga asosan, 2021-yil 23-aprel kuni IIV va Bosh prokuraturaning Toshkent viloyati boshqarmalari xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida, 6 nafar fuqaro Toshkent shahar Chilonzor tumani hududida nazorat ostiga olingan S.X. va X.S.dan 50 ming AQSh dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Mazkur holat yuzasidan Bosh prokuratura Toshkent viloyati boshqarmasi tomonidan JKning 168-moddasi 4-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.