“14 ta kvartira, 43 ta mashina, 172 ta do‘kon” – sobiq viloyat hokimining jinoyatlari haqida ma’lum qilindi 

  • 14:02 / 23.04.2021
  • 323

Bosh prokuror Nig‘matilla Yo‘ldoshev Oliy Majlis Senatining 14-yalpi majlisida o‘zlashtirish, vakolatini suiiste’mol qilish va mansab soxtakorligida ayblangan Jizzax viloyati hokimining sobiq o‘rinbosari Akram Rahmonqulov va boshqa kompaniyalar rahbarlarining jinoyat ishi yuzasidan hisobot berdi.

Bosh prokurorga ko‘ra, Akram Rahmonqulov 2018-yilda Jizzax viloyati hokimi o‘rinbosari bo‘lganidan keyin qurilish sohasiga mas’ul viloyat tashkilotlari rahbarligiga hamda viloyat tender komissiyasiga tanish-bilishlarini qo‘yib, milliardlab byudjet mablag‘larini talon-toroj qilgan.

Xususan, 2018–2020-yillarda jami 494 mlrd so‘mlik 82 ta obyektlar qurilishini o‘z boshqaruvidagi 9 ta pudrat tashkilotlariga olib bergan. 

Shuningdek, Bosh prokuror Jizzax viloyati hokimining sobiq o‘rinbosariga tegishli korxonalarda 12 mlrd so‘m, 172 ta do‘kon, ko‘p qavatli uylardagi 14 ta xonadon, 43 ta avtomashina va 37 ta boshqa ko‘chmas mulklar zararni undirish uchun xatlanganini ma’lum qildi.

Hozirda Rahmonqulov va uning 10 nafar jinoiy sheriklari qamoqqa olingan. Tergov harakatlari olib borilmoqda.