“1XBET”da qariyb $2,5 ming pulini yutqazgan fuqaro IIBga murojaat qildi

  • 15:14 / 20.06.2021
  • 1208

Qoraqalpog‘iston Respublikasida pullarini qimorga yutqazgan fuqaro IIBga yolg‘on ko‘rsatma bilan murojaat qildi. Bu haqda IIV matbuot xizmati xabar bermoqda.

Ma’lum qilinishicha, joriy yilning 7-iyun kuni To‘rtko‘l tumanida yashovchi fuqaro O.S. IIOga murojaat qilib, tumanda uning hamyoni va ichida bo‘lgan 2 100 AQSh dollari hamda 3 mln 500 ming so‘m pullari noma’lum shaxslar tomonidan o‘g‘irlab ketilganligini aytgan.

Mazkur holat yuzasidan tuman IIB tezkor-tergov harakatlari olib borgan. Natijada O.S.ning o‘g‘irlik haqida yolg‘on ko‘rsatmalar berganligi ma’lum bo‘lgan va buni fuqaroning o‘zi ham tan olgan. 

Qayd etilishicha, joriy yilning may-iyun oylari davomida O.S. o‘ziga tegishli bo‘lgan 2 100 AQSh dollari hamda 3 mln 500 ming so‘m pullarini qimor va tavakkalchilikka asoslangan “1XBET” bukmeykerlik o‘yiniga tikib, yutqazib qo‘yganligi aniqlangan. 

Hozirda unga nisbatan JKning 237-moddasi (yolg‘on axborot berish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.