20 dan ortiq shahar va tumanlar qurilish materiallari ishlab chiqarishga ixtisoslashtiriladi

  • 09:29 / 12.06.2021
  • 82

24 ta tuman (shahar)lar qurilish materiallari ishlab chiqarishga ixtisoslashtirilib, ularda  “kichik sanoat zonalari” tashkil etiladi. Shuningdek, “O‘zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi huzurida Qurilish materiallari sanoatini rivojlantirish bo‘yicha kengash tashkil qilinadi.

Bu haqda “Hududlarning sanoat salohiyatini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Prezident farmonida belgilab qo‘yildi.

Farmonga ko‘ra, 2021-yil 1-iyuldan tegishli materiallarni ishlab chiqarish loyihalarini amalga oshirayotgan tadbirkorlarga Tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasi tomonidan investitsiya loyihalarini amalga oshirish doirasida, shu jumladan aylanma mablag‘larni to‘ldirish uchun beriladigan bank kreditlari summasining 50 foizigacha, biroq 15 milliard so‘mdan ko‘p bo‘lmagan miqdorda kafolatlar taqdim etiladi.

Shu bilan birga qurilish materiallari ishlab chiqarish korxonalariga berilgan kreditlar bo‘yicha foiz xarajatlarini qoplash uchun quyidagicha kompensatsiyalar:
– milliy valyutadagi kreditlar bo‘yicha – Markaziy bankning asosiy stavkasidan oshadigan, biroq 10 foiz punktidan ko‘p bo‘lmagan miqdorda;
– chet el valyutasidagi kreditlar bo‘yicha – tijorat banklari tomonidan belgilangan stavkaning 50 foizi, biroq 4 foiz punktidan ko‘p bo‘lmagan miqdorda to‘lab beriladi.

Bundan tashqari sinov laboratoriyasi uskunalarini sotib olish va xalqaro sifat menejmenti standartlarini joriy etish xarajatlarini qoplash uchun kompensatsiyalar taqdim etiladi.