2017-yildan buyon O‘zbekiston iqtisodiyotiga $83 mlrd. investitsiyalar jalb qilingan

  • 18:14 / 24.06.2021
  • 182

Ayni vaqtda Prezident raisligida investitsiya va eksport sohalarida olib borilayotgan ishlar va yil yakuniga qadar amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tmoqda.

Qayd etilishicha, 2017-yildan boshlab barcha manbalar hisobidan 716 trillion so‘m (83 milliard dollar) yoki oldingi davrga nisbatan 2 baravardan ziyod investitsiyalar o‘zlashtirilgan. Shundan 26,8 milliard dollari – xorijdan jalb qilingan mablag‘lar.

To‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar – 10,6 milliard dollar, davlat kafolati ostidagi loyihalar uchun – 8,4 milliard dollar, kafolatsiz kreditlar – 6,6 milliard dollar, bank va korxonalarning xalqaro obligatsiyalari – 1,2 milliard dollarlik mablag‘ jalb qilingan. O‘zlashtirilgan investitsiyalarning qariyb 65 foizi sanoat va infratuzilma loyihalariga to‘g‘ri keladi.

Natijada so‘nggi 4 yilda mamlakat yalpi ichki mahsuloti tarkibida sanoatning ulushi 25 foizdan 33 foizga, sanoat mahsuloti ishlab chiqarish hajmi 1,3 baravarga o‘sdi.

Jumladan, avtomobilsozlikda ishlab chiqarish – 3,4 baravar, elektrotexnika – 2 baravar, farmatsevtika va qurilish materiallari – 1,4 baravar, metallurgiya – 1,2 baravarga oshdi. Tayyor to‘qimachilik va maishiy texnika mahsulotlari eksporti 5 baravarga o‘sdi.

Ushbu davrda 441 trillion so‘mlik 47 mingdan ziyod yirik, o‘rta va kichik loyihalar ishga tushirilib, 680 mingdan ortiq doimiy yangi ish o‘rinlari yaratildi.

Shuningdek, so‘nggi 4 yilda mahalliy sanoat, qishloq xo‘jaligi va servis sohasidagi loyihalarni amalga oshirish uchun 100 trillion so‘m (10 milliard dollar) investitsiyalar yo‘naltirildi.