2021-yil 1-yarim yillikda qaysi davlat tashkiloti byudjet mablag‘larini eng ko‘p “tuya” qilgani ma’lum qilindi

  • 10:26 / 25.08.2021
  • 302

Moliya vazirligining Davlat moliyaviy nazorati departamenti va uning hududiy boshqarmalari tomonidan 2021-yil 1-yarim yillikda byudjet intizomiga rioya etilishi va byudjet mablag‘larning maqsadli foydalanilishi yuzasidan o‘tkazilgan 3 480 ta (2020 yilning 1-yarim yilida 2 010 ta) nazorat tadbirlari o‘tkazildi. Bunda jami 372,7 mlrd. so‘m miqdorida byudjet intizomi buzish, pul va tovar-moddiy boyliklar kamomadi va asossiz xarajatlar aniqlangan. 
Bu haqda vazirlik Matbuot xizmati ma’lum qildi. Shundan 313,7 mlrd. so‘mi byudjetga tiklanishi ta’minlangan.

Hisobot davrida byudjet tashkilotlarida ish haqi va unga tenglashtirilgan to‘lovlar bo‘yicha aniqlangan moliyaviy qonun buzilish holatlari 120,1 mlrd. so‘mni, shundan naqd pul mablag‘larini o‘zlashtirish va kamomadlarga yo‘l qo‘yish holatlari 25,4 mlrd. so‘mni tashkil etgan.

Hisobot davrida vazirliklar bo‘yicha qonunbuzilish holatlari va boshqa xato-kamchiliklar quyidagilarni tashkil etdi:

–  Xalq ta’limi vazirligi tizimida o‘tkazilgan 455 ta nazorat tadbirlarining 336 tasida 65,2 mlrd. so‘m miqdorida qonunbuzilish holatlari aniqlanib, 2020-yilning mos davriga (21,5 mlrd. so‘m) nisbatan qonunbuzilish holatlari 3 martaga oshgan.
–  Transport vazirligi huzuridagi Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi tizimida o‘tkazilgan 117 ta nazorat tadbirlarining 96 tasida 59,3 mlrd. so‘m miqdorida qonunbuzilish holatlari aniqlangan (2020-yilning 1-yarim yilida 981 mln.so’mlik qonunbuzilish holatlari aniqlangan).
–  Maktabgacha ta’lim vazirligi tizimida o‘tkazilgan 454 ta nazorat tadbirlarining 368 tasida 59,2 mlrd. so‘m miqdorida qonunbuzilish holatlari aniqlanib, 2020-yilning mos davriga (7 mlrd. so‘m) nisbatan qonunbuzilish holatlari 8,5 martaga oshgan.
–  Sog‘liqni saqlash vazirligi tizimida o‘tkazilgan 514 ta nazorat tadbirlarining 390 tasida 41,7 mlrd. so‘m miqdorida qonunbuzilish holatlari aniqlanib, 2020-yilning mos davriga (14,1 mlrd. so‘m) nisbatan qonunbuzilish holatlari 2,9 martaga oshgan.
–  Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi tizimida o‘tkazilgan 136 ta nazorat tadbirlarining 129 tasida 24,1 mlrd. so‘m miqdorida qonunbuzilish holatlari aniqlangan (2020-yilning 1-yarim yilida 903 mln. so’mlik qonunbuzilish holatlari aniqlangan).

Shuningdek, Suv xo‘jaligi (6,8 mlrd. so‘m), Jismoniy tarbiya va sport (6,4 mlrd. so‘m), Oliy va o‘rta maxsus ta’limi (5,2 mlrd. so‘m), Bandlik va mehnat munosabatlari (4,5 mlrd. so‘m), Qishloq xo‘jaligi (4,2 mlrd. so‘m), Mudofaa (3,2 mlrd. so‘m), Madaniyat (2,6 mlrd. so‘m) vazirliklari hamda Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish (4,7 mlrd. so‘m), O‘rmon xo‘jaligi (4,4 mlrd. so‘m), Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish (3,1 mlrd. so‘m) davlat qo‘mitalari va ular tizimidagi byudjet tashkilotlarida ham yirik miqdorda moliyaviy qonunbuzilish holatlari aniqlangan.