2021-yil hosilidan davlatning g‘alla xaridi hajmi ma’lum qilindi

  • 10:30 / 18.05.2021
  • 112

“2021-yil hosili uchun ekilgan boshoqli don hosilini o‘z vaqtida va sifatli o‘rib-yig‘ib olishni tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Hukumat qarori qabul qilindi.

Qarorga ko‘ra, ichki bozorda don va non narxlari barqarorligini ta’minlash tadbirlarini amalga oshirish uchun 2021-yil hosilidan davlat resurslariga tovar va urug‘lik don xarid hajmi belgilandi. 

Shunga ko‘ra, joriy yil hosilidan davlat resurslariga jami 2 mln. 434 ming 425 tonna tovar va urug‘lik don (shundan 2 mln. 150 ming tonna tovar don, 284 ming 425 tonna urug‘lik don) xarid qilish nazarda tutilgan.

Eslatib o‘tamiz, 2020-yil 6-martdagi Prezidentning tegishli qarori bilan 2020-yil hosilidan boshlab davlat buyurtmasi asosida boshoqli don yetishtirish amaliyoti bosqichma-bosqich bekor qilinishi belgilab qo‘yilgan edi.  

Shuningdek, 2021-yil hosilidan boshlab davlat tomonidan g‘allaga xarid narxini belgilash amaliyotidan to‘liq voz kechilishi aytilgan edi.
Bundan tashqari, davlat xaridi to‘liq bekor qilinishi hamda fermerlar va boshqa korxonalar tomonidan yetishtiriladigan g‘alla barcha iste’molchilarga birja savdolari orqali yoki to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar (fyuchers, forvard va boshqalar) asosida erkin narxlarda sotilishi belgilangan.