37 yil avval Toshkentda 32 darajadan yuqori bo‘lgan kunlar soni 90 ta bo‘lgan. Bu hozir va keyingi yillarda qanday o‘zgaradi?

  • 12:02 / 17.07.2021
  • 407

AQShning Nyu-York Tayms gazetasi dunyodagi shaharlarda harorat qanday o‘zgarayotganini ko‘rsatib beruvchi xizmatni ishga tushirdi.
“Zambarakning o‘qi” kanali muallifi Farhod Fayzullayev mazkur xizmatga tayanib, Toshkent shahrida haroratning ko‘tarilib borayotganiga urg‘u bermoqda. 

Qayd etilishicha, 1984-yilda Toshkentda harorat 32 darajadan oshgan kunlar soni 90 ta bo‘lgan. 2021-yilga kelib esa bunday harorat yiliga o‘rtacha 103 kunni tashkil qilmoqda. Ya’ni, 37 yilda 32 darajadan yuqori kunlar soni 13 taga oshgan.

“Qo‘rqinchlisi, men 80 yosh bo‘lganimda (2064-yil) bunday issiq kunlar soni o‘rtacha 120 taga yetarkan. Ya’ni, bir yilda 4 oy harorat 32 darajadan pastga tushmaydi”, – deb yozadi bloger.

Gazeta tadqiqotlarga tayanib ma’lumot berishicha, Toshkentga iqlim o‘zgarishi boshqa mamlakatlarga ko‘ra ko‘proq ta’sir qiladi. Umuman olganda, shahar qanchalik issiq bo‘lgan bo‘lsa, asr oxirigacha undagi harorat yanada tez o‘sib boraveradi.

Harorat oshgani sari tog‘larga kamroq qor yog‘adi va bu oxir oqibatda qurg‘oqchilikka olib kelishi, O‘zbekiston uchun o‘ta muhim bo‘lgan qishloq xo‘jaligiga qattiq ta’sir qilishi mumkin.

Farhod Fayzullayev bu borada hukumat har bir qarorida iqlim o‘zgarishini birinchi o‘ringa qo‘yishi kerakligini ta’kidlaydi.

“Bu tadqiqotda shaharsozlik, shaharlardagi qurilishlar yoki daraxtlar soni inobatga olinmagan”, – deb yozadi F.Fayzullayev