Amansio Ortega – oddiy bo‘lishdan qo‘rqmaydigan milliarder!

  • 12:10 / 28.03.2020
  • 1757

Bugungi kunda ayollar orasida “ZARA” liboslar brendi haqida eshitmagan odamning o‘zi bo‘lmasa kerak. Bu savdo belgisini shu darajaga yetkazgan, mashhur va o‘ziga xos brendga aylantira olgan odam haqida qancha ko‘p gapirsak, shuncha oz. Yozuvchi Kovadonga O’Shining “ZARA fenomeni” deb nomlangan kitobi ko‘pchilik uchun yangi topilma, foydali ma’lumotlar xazinasi bo‘ldi. Unda “ZARA” brendi asoschisi Amansio Orteganing biznes yo‘li va mashaqqatli hayoti hikoya qilinadi. 

Amansio Ortega pul topishni qanday o‘rgandi? 
Amansio Ortega o‘z ichiga “Zara”, “Stradivarius”, “Bershka” brendlarini jam qilgan yirik “Inditex” kompaniyalar guruhi rahbari hisoblanadi. 
Qat’iyati hamda muttasil sa’y-harakatlari bilan Ortega dunyoning eng ko‘zga ko‘ringan biznesmenlaridan o‘zib ketdi. Hozir u bilan tanishishni juda ko‘pchilik orzu qiladi. Chunki Orteganing donishmandligi va hayotsevarligi ko‘pchilikni o‘ziga jalb qiladi. Amansio shaxsi haqidagi haqiqatlardan (hozir uning yoshi 81da) jamoatchilik faqat “Fenomen ZARA” kitobi chiqqanidan so‘nggina ogoh bo‘ldi. 

13 yoshidan boy bo‘lishga intilgan milliarder
“Inditex” kompaniyasi asoschisi munosib hayot qurish uchun kurashni 13 yoshidan boshlab yuborgan. Gʻururli va o‘zini sevadigan qashshoq ispan temiryo‘l ishchisining o‘g‘li hayoti davomida shu qadar katta muvaffaqiyatga erishdiki, ko‘pchilik uchun bu haqiqiy orzu. Bolakay noxush hissiyot hamda xo‘rlanishlarning barcha turini totib ko‘rgan. Bu endi tushunarli. Chunki unga taklif qilingan har qanday ishni bajarishga majbur edi. Hayotiy sinovlar Ortega xarakterini “emlab” bordi, biroq uning olijanob qalbi hamda nozik tabiatini o‘ldira olmadi. Quyida sizlarga Amansio Orteganing beshta oddiy va samarali maslahatlarini keltirib o‘tamiz.

1. Oddiy bo‘lishdan qo‘rqmang
Kovadonga O’Shi kitobining birinchi sahifalarida sirli milliarder shaxsi haqida to‘xtaladi. Mutolaa davomida ma’lum bo‘ladiki, Amansio “rahbar-xodim” tuzilmasini yomon ko‘rar ekan. U uchun barcha ishchilar hamkasb sanaladi. Ortega hozirda erishgan barcha muvaffaqiyatlari qalb qo‘rini berib ishlagan minglab insonlar mehnati natijasi ekanligini ta’kidlashdan uyalmaydi. Amansio ortiqcha marosim hamda mulozamatlarni yoqtirmaydi. Barcha ishchilari unga otini aytib muomala qilishadi va kerak vaziyatlarda maslahat berib, xatosini to‘g‘rilashlari ham mumkin. Barcha insonlar bir xil, kimnidir boshqalardan ustun qo‘yib, muomala qilish kerak emas. 

2. O‘z ishingizni seving 
Dunyodagi ko‘pchilik biznesmenlar o‘z ishini yaxshi bajaradi, biroq ular orasida kasbini chin dildan sevadiganlari kam uchraydi. Ortega o‘z ishini judayam sevadigan tadbirkorlardan. Ishlab chiqarish korxonasiga kelib, har bir detalni sinchiklab o‘rganadi, ishchilar bilan suhbatlashadi, kiyim tikish uchun matolarni tanlab beradi. 
Yoddan chiqarmang, bajarayotgan ishingizdan ijobiy hissiyotlar qancha ko‘p olsangiz, muvaffaqiyatga erishish imkoningiz shuncha ko‘p bo‘ladi.

3. Hech qachon bajarilgan ishdan to‘liq qoniqish hosil qilmang 
“Forbes” tasnifi bo‘yicha yilning eng boy insoni – Amansio Ortega u yoki bu ishni bajarib, o‘zingizdan g‘ururlanish bu katta xato ekanligini ta’kidlaydi. Tajribali rahbar barcha xodimlarini har doim yaxshiroq va yanayam yaxshiroq ishlashga da’vat etib turishi kerak. Ko‘r-ko‘rona optimizm hech kimga yaxshilik olib kelmaydi.

4. Maqsadingizga erishish uchun qo‘lingizdan nima kelsa, shuni qiling
O‘sish – tirik qolish mexanizmidir. Shu bois har doim yuqoriga qarab harakat qilish lozim. Yosh, tashqi va ichki omillar, yuzaga kelgan va yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan barcha muammolarni nazardan qochirmay, kuchingiz yetgunicha harakat qiling. O‘z umri davomida Amansio Ortega juda ko‘p faoliyat turi bilan shug‘ullanib ko‘rgan: pol yuvgan, arzon mollar bilan savdo qilgan, mijozlarga mahsulot sotgan. Bularning barchasi mayda ish bo‘lishi mumkin, biroq har biri unga yuqoriga ko‘tarilish uchun zina vazifasini o‘tab bergan. U hech qachon pul uchun harakat qilmagan, shu bois ham atrofdagilar va begona odamlarning gap-so‘zlaridan tashvishga tushmaydi. Eng yaxshisiga intiling, maqsad sari harakat qiling, kichik to‘siqlar qarshisida yengilmang, ana shunda o‘zingiz istagan natijaga ega bo‘lasiz.

5. Shaxsiy hayotingizga doim vaqt ajrating
Amansio qarshisidagi har bir odamni uning mavqe yoki moliyaviy ahvolidan qat’i nazar hurmat qiladi. Biroq oilasi va shaxsiy hayoti uchun ham doim vaqt topa oladi. Aynan shu onlarda u ishlash uchun o‘ziga qo‘shimcha kuch yig‘ib oladi. Milliarder qarindoshlari va yaqinlariga haddan tashqari mehr ko‘rsatmaydi, biroq ular uchun har doim vaqt topgan. Hatto oddiy ro‘zg‘or yumushlarida ham yordam berishi mumkin.
 
Unutmang! Oila bilan aloqalaringiz qanchalik mustahkam bo‘lsa, sizni yengish shuncha qiyin bo‘ladi. Tamoyillarga sodiqlik, oddiy va sipo turmush kechirish kishining eng muhim xususiyatlaridir.