Birjada bir hafta davomida 35 ming tonnaga yaqin un sotildi

  • 20:46 / 13.04.2020
  • 417

O‘tgan hafta davomida, ya’ni 6–12-aprel kunlari “O‘zbekiston respublika tovar-xomashyo birjasi” AJ ochiq birja savdolari orqali jami 749,9 mlrd. so‘mlik tovar resurslari sotildi, bu avvalgi savdo haftasiga nisbatan 4,4 foizga kamdir.

Birja savdolari belgilangan tartib va qoidalarga muvofiq shtat rejimida amalga oshirilmoqda. Mijozlarning masofadan, ya’ni uydan chiqmasdan brokerlar yordamida elektron birja savdolarida ishtirok etish ta’minlangan. Sotuvchi korxonalar mahsulotlarni tasdiqlangan jadvallarga rioya qilgan holda birja savdolariga qo‘yib borishmoqda.

Xususan, o‘tgan haftada birja savdolariga 34 366,0 tonna bug‘doy unining 1-navi qo‘yildi va ularning barchasi sotildi. O‘rtacha kunlik sotuv hajmlari 6 867 tonnani tashkil etdi. Savdolarda bir kunda o‘rtacha 4 598 ta xaridorlar erkin tarzda ishtirok etishdi. Unning haftalik kotirovkasi avvalgi haftaga nisbatan mahsulotning bir tonnasi uchun 2 472,5 ming so‘mdan 2 471,6 ming so‘mgacha pasaydi.

Birja bozordagi taklif darajasi yuqori bo‘lganligi sababli bozorda narxlarning pasayish holatlari qayd etilmoqda. Xususan shakarning 3 kategoriyasi uchun kunlik narxlar o‘tgan hafta mobaynida 2 foizga pasayib, mahsulotning bir tonnasi uchun 5 235,7 ming so‘mni tashkil etdi. Shakarning o‘rtacha haftalik narxi tovarning bir tonnasi uchun 5 276,7 ming so‘mni tashkil etdi.

Paxta yog‘i bozorida ham barqaror holat saqlanmoqda. O‘tgan hafta savdo natijalariga ko‘ra 3 938,0 tonna paxta yog‘i birja savdolariga qo‘yildi va ulardan 1512,0 tonnasi, ya’ni 38 foizi sotildi. Ko‘rib chiqilayotgan davrda barcha navli paxta yog‘ining o‘rtacha narxlari mahsulotning bir tonnasi uchun 9 093,8 ming so‘mdan 9 029,6 ming so‘mgacha pasaydi. Birja savdo natijalariga ko‘ra 1-navli paxta yog‘ining haftalik kotirovkasi mahsulotni bir tonnasi uchun 9 163,2 ming so‘mni tashkil etdi.

O‘tgan haftada AI-91 rusumli avtomobil benzinining boshlang‘ich bahosi sotuvchi korxonalar tomonidan benzinning bir tonnasi uchun 6 323,5 ming so‘mdan 5 698,0 ming so‘mgacha, ya’ni 10 foizga pasaytirildi. Buning natijasida o‘tgan hafta davomida benzinning birjada shakllangan narxi mos tarzda 10 foizga pasayib, tovarning bir tonnasi uchun 5 702,0 ming so‘mni tashkil etdi. AI-91 rusumli avtomobil benzinining o‘rtacha haftalik narxi esa avvalgi haftaga nisbatan 8 foizga pasaydi va 5 852,4 ming so‘mni tashkil etdi. Eslatib o‘tamiz, turli manbalarda keltirishicha avtomobil benzinining bir tonnasi o‘rtacha 1293-1350 litrni tashkil qiladi.