Bloger va elektron jurnalistika xodimlari faoliyatiga huquqiy baho beruvchi hujjat qabul qilinadi 

  • 18:56 / 11.02.2020
  • 393

Endilikda elektron jurnalistika, blog yuritish va elektron axborot vositalari orqali fikr bildirish faoliyatining huquqiy mexanizmi belgilab beriladi.

Bu haqida bugun, 11-fevral kuni jamoatchilik muhokamasiga taqdim etilgan “Ilm, ma’rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risida”gi Prezident Farmoni loyihasida aytib o‘tildi.

Unga ko‘ra, AOKA, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, O‘zbekiston elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasi va O‘zJOKU muallifligida mazkur masalaga oid normativ-huquqiy hujjat loyihasi ishlab chiqiladi.

Loyihada:

elektron jurnalistika xodimlari va blog yurituvchi (ta’sischi) elektron axborot vositalari orqali fikr bildiruvchilarning huquq va majburiyatlarini belgilash;

aholiga tezkorlik bilan to‘g‘ri axborotlarni ular orqali yetkazishda davlat idoralarining matbuot xizmatlari bilan o‘zaro hamkorlikni mustahkamlash;

Internet tarmog‘i axborot maydonida respublika imijini yanada oshirishga qaratilgan materiallarni joylashtirish, davlat organlari faoliyatining ochiqligi va hisobdorligini ta’minlash bo‘yicha chora-tadbirlar nazarda tutiladi.

Prezident farmoni loyihasiga ko‘ra, ushbularni nazarda tutuvchi normativ-huquqiy hujjat 2020-yilning 30-noyabriga qadar ishlab chiqilishi zarur.

Eslatib o‘tamiz, loyihaga ko‘ra Davlat dasturi doirasida jami qiymati 17,5 trln. so‘m va 9,6 mlrd. AQSh dollariga teng loyihalarni amalga oshirish ko‘zda tutilmoqda.