Endi yakka tartibda uy-joy qurish uchun ham ipoteka krediti berilishi mumkin

  • 19:44 / 09.06.2020
  • 1055

Markaziy bank tomonidan “Aholiga ipoteka kreditlari ajratilishining hadli shartlari to‘g‘risida”gi nizom loyihasi ishlab chiqilib, portalga muhokama uchun joylashtirildi.
 
Ushbu nizom loyihasi Osiyo taraqqiyot banki mutaxassislari bilan hamkorlikda ilg‘or xorijiy tajribani o‘rgangan holda ishlab chiqildi va tijorat banklari tomonidan aholiga ipoteka kreditlari ajratilishining umumiy shartlari hamda qoidalarini belgilab beradi.
 
Nizomda ipoteka krediti yo‘nalishlari, rasmiylashtirish bosqichlari, qarz oluvchining to‘lovga layoqatliligi tahlili hamda ipoteka kreditlarini ajratish bilan bog‘liq tavakkalchilikni boshqarish bo‘yicha yo‘nalishlar keltirilgan.
 
Hujjat loyihasiga muvofiq, aholiga ipoteka krediti banklar tomonidan to‘lovlilik, qaytarishlik, taʼminlanganlik va muddatlilik shartlarida quyidagi maqsadlarga beriladi:
 
qurilishning belgilangan normalari va qoidalariga rioya qilib yakka tartibda uy-joy qurish, rekonstruksiya qilish va taʼmirlash;
yangi qurilgan yoki ikkilamchi bozordan yakka tartibdagi uy-joyni yoki ko‘p kvartirali uydagi kvartirani sotib olish;
yangi qurilgan yoki ikkilamchi bozordan yakka tartibdagi uy-joyni yoki ko‘p kvartirali uyni o‘zining mavjud uy-joyi yoki ko‘p kvartirali uyiga almashtirishga;
boshqa banklar tomonidan ajratilgan ipoteka kreditlarini mijozlarga qulay shartlarda qayta moliyalashtirish.
 
Shuningdek, ipoteka krediti:
 
qurilayotgan uy-joyni u joylashgan yer uchastkasi bilan birga;
ipoteka krediti hisobiga sotib olinadigan va belgilangan tartibda qarz oluvchi mulkiga o‘tadigan yakka tartibdagi uy-joyni yoki ko‘p kvartirali uydagi kvartirani;
qarz oluvchining mulki bo‘lgan va ipoteka krediti hisobiga rekonstruksiya qilinayotgan yakka tartibdagi uy-joyni garovga qo‘ygan holda amalga oshiriladi.
 
Muomaladan olib qo‘yilgan va begonalashtirilishi mumkin bo‘lmagan ko‘chmas mulk ipoteka predmeti bo‘lishi mumkin emas.
Uy joyni rekonstruksiya qilish va taʼmirlashga kredit ajratilishida bazaviy hisoblash miqdorining 400 barobaridan oshmaganda, bankning kredit siyosatiga muvofiq kredit taʼminotiga ko‘chmas mulk bo‘lmagan boshqa taʼminot qabul qilishga haqli.