Fizik olimlardan muhim yangilik: Olamimizga ikki tomchi suvdek o‘xshash boshqa olam ham mavjud bo‘lishi mumkin!

  • 20:58 / 17.04.2020
  • 2333

Biz bilan bir vaqtda mavjud bo‘lgan parallel olam haqidagi taxminlar uzoq yillar mobaynida olimlar tomonidan tadqiq etib kelinadi. Agar shunday olam mavjud bo‘lganida vaqt mashinasida u yerga uchish, tarixdagi ko‘plab xatolarni to‘g‘rilash, qazo qilgan yaqinlarimiz bilan ko‘rishgan bo‘lardik. Balki shu usul yordamida COVID-19 pandemiyasining oldini olish ham mumkin bo‘lardi. Bir necha yil avval fiziklar bizning olam bilan bir vaqtda xuddi bizniki kabi yana bir olam mavjud, degan xulosaga kelishdi. Faqat mazkur ko‘zgu-olamda vaqt teskari aylanadi. Shunday bo‘lishi mumkinmi? Unda sanoq qachondan boshlangan? Bugun shu savollarga javob topishga urinamiz.

Vaqt oldinga ham, orqaga ham harakatlanishi mumkin
2016-yilda ikki guruh fizik olimlar Koinotni o‘rganib chiqib, bundan 14 milliard yil avval ro‘y bergan Buyuk portlash chog‘ida bizning olamga ikki tomchi suvdek o‘xshash ikkinchi olam ham yaralgan, degan xulosaga kelishdi. Faqat unda vaqt orqaga aylanadi. Ya’ni, o‘sha ko‘zgu-olamda vaqt kelajakdan o‘tmishga qarab xuddi bizning vaqtimiz bilan bir xil tezlikda aylanadi. Xo‘sh, vaqt haqida bizga nimalar ma’lum? Fizik olimlar o‘n yillar davomida koinotning asosiy qonunlarini o‘rganib chiqdilar. Biroq ularning hech birida vaqt faqat oldinga aylanishi kerak, degan qat’iy xulosa mavjud emas. 

Qizig‘i shundaki, Nyutonning gravitatsiya, Maksvellning elektrodinamika hamda Eynshteynning nisbiylik nazariyasi yoki kvant mexanikasi, Koinotdagi harakatlarni mukammal tasvirlab beradigan barcha tenglamalar vaqt oldinga yoki orqaga harakatlanganda ham mos tushaveradi. Buni sodda til bilan tushuntiradigan bo‘lsak, vaqtning, fizika qonunlari va tenglamalari tasvirlab berganidek, qaysi tomonga harakatlanishining ahamiyati yo‘q. 1927-yilda britaniyalik astrofizik Artur Eddington “vaqt o‘qi” degan tushuncha mavjudligini isbotlaydi. Termodinamikaning ikkinchi qonuniga ko‘ra, har qanday izolyatsiya qilingan tizimda, masalan, Koinotda entropiya (yoki buzilish) ko‘payishi kerak. Shu sababli, vaqt o‘qi orqaga yoki oldinga siljishidan qat’i nazar, olam doimo yuqori darajadagi entropiyaga o‘tadi.
Entropiya – tizimning bosim, harorat va hajm kabi fizik holatini aks ettiradi. Termodinamika qonunlari issiqlik va energiya har qanday tizimga qanday ta’sir qilishini aniqlaydi. Bunday holatda tizim, bu – energiya uzatadigan cheklangan hudud.

Buyuk portlashdan birdaniga ikkita koinot yaralganmi?
Ilmiy taxminlarga ko‘ra, Koinot xuddi yangi, past entropiyali yaxlit tuxum shaklida yaralgan. Bu tuxum tez orada yorilib, tanib bo‘lmaydigan darajada aralashib ketdi va tartibsiz, entropiyasi yuqori holatga yetib keldi. Ushbu taxmin bilan bog‘liq muammo shundaki, u fizikaning fundamental qonunlari tomonidan ruxsat etilgan vaqtning teskari harakatiga yo‘l qo‘ymaydi. Bunday holatda singan tuxumni yana qaytadan yig‘ishning imkoni mavjud emas. Bu nimadan darak beradi?

New Scientist nashrida yozilishicha, biz kelajakni entropiya kuchayadigan vaqt yo‘nalishi sifatida belgilaymiz. Uzoq galaktikalarning harakatini o‘rganish orqali biz kelajakda koinotning rivojlanishini taxmin qilishimiz mumkin. Shu bilan birga, biz vaqtni orqaga qaytarib, Buyuk portlashga yaqinlasha olamiz – bu koinotda entropiya kamroq bo‘lgan payt. Ammo agar buni amalga oshirsak, biz muqarrar kosmik jumboqqa duch kelamiz: Buyuk portlash haqiqatdan ham vaqtning boshlanishi bo‘lganmi? Agar shunday bo‘lsa, nega bu hodisa shunchalik past entropiyaga ega? Bu, olimlar haligacha javobini topa olmagan savollardir. Xo‘sh, fizik olimlar qanday qilib ko‘zgu-olam mavjud, degan xulosaga kelishdi?

Parallel olam mavjudligining bir dalili
Bundan olti yil avval Antarktidada tajriba o‘tkazayotgan tadqiqotchilar parallel olam mavjudligini tasdiqlaydigan g‘alati zarralarga duch kelishdi. Bir oy davomida olimlar muz ustida suzib yuradigan ulkan sharsimon antenna yordamida million kvadrat kilometr muzlikni skanerdan o‘tkazib, koinotdan kelayotgan yuqori energiyali zarralarni kuzatishdi. Ulkan sharsimon jism birinchi parvozdan keyin Yerga qaytib kelganida shovqindan bo‘lak pichoqqa ilinadigan hech narsa topilmadi. Ikkinchi parvozdan keyin ham xuddi shu holat sodir bo‘ldi. 

Biroq uchinchi parvozdan so‘ng tadqiqotchilar ma’lumotlarni, asosan shovqinlarni sinchiklab tekshirishga qaror qilishdi. Diqqat bilan tadqiq qilinganda signallardan biri yuqori kuchlanishli zarralar – neytrino ekanligi ma’lum bo‘ldi. Biroq bu aqlga sig‘maydigan, olimlar kutgan topilma emas edi. Chunki ular yuqoridan yangilik kutib o‘tirishganida, bu zarralar Yer qa’ridan chiqqandi. 

Mazkur ajabtovur zarralarning qanday paydo bo‘lgani xususida olimlar tomonidan minglab taxminlar ilgari surildi. Biroq ularning hech biri tasdiqlanmadi. Buning birgina izohi qoldi: Buyuk portlash davrida bizning olamimiz bilan bir vaqtda xuddi biznikiga o‘xshash boshqa olam ham yaralgan va u parallel ravishda mavjud. Bu ko‘zgu-olamda chap-o‘ngni, yaxshi-yomonni anglatadi, vaqt esa shunga mos ravishda teskari yo‘nalishda, orqaga harakatlanadi. Fiziklar fikriga ko‘ra, “boshqa olam” antimateriyadan yaralgan va Buyuk portlash nuqtasidan qarama-qarshi yo‘nalishda kengaymoqda. Bu juda qiziqarli kashfiyot hamda u haqiqat bo‘lib chiqishi mumkin.

Buning haqiqat yoki xato ekanligi ilm-fan tomonidan mutlaq tasdiqlanishi uchun esa hali ko‘p yillar kerak bo‘ladi.