Ijodiy imtihonlarning o‘tkazilish tartibi va sanalarida o‘zgarishlar bor – Inomjon Majidov

  • 17:32 / 15.06.2020
  • 332

Ayni daqiqalarda AOKA anjumanlar zalida Bosh vazirning ijtimoiy va iqtisodiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari Behzod Musayev rahbarligida brifing bo‘lib o‘tmoqda.
 
Unda 2020/2021 o‘quv yilida oliy taʼlimga kirish imtihonlari yuzasidan ayrim savollarga ham javob berildi.
 
Jumladan, Oliy va o‘rta maxsus taʼlimi vaziri Inojon Majidov OTMlardagi kasbiy-ijodiy imtihonlar hususida to‘xtalib o‘tdi.
Unga ko‘ra, abituriyentlarning ortiqcha kelib-ketishlarini qisqartirish maqsadida imtihonlarning tarkibi qisqartirilgan. Natijada imtihonlar vaqtida ham o‘zgarishlar bo‘ladi. Dasturlar shunga moslashtirilgan.
 
– Kasbiy-ijodiy imtihonlarning dasturlarini qaysi OTMga kirmoqchi bo‘lsa, ularning saytidan bilish mumkin. Bu borada qo‘shimcha biror narsalar qo‘shildimi, degan savol bo‘ladigan bo‘lsa, yo‘q, qo‘shilmadi. Balki oldindan eʼlon qilingan kasbiy-ijodiy imtihonlarning talablari qoladi, faqat maʼlum darajada qisqaradi, dedi Inomjon Majidov.
 
Shuningdek, vazir ikki xil kasbiy-ijodiy imtihonlar mavjudligini taʼkidlab, ular yuzasidan quyidagilarni maʼlum qildi:
 
– Birinchisi – biror taʼlim yo‘nalishida bir fandan test sinovlari va bir fandan ijodiy yoki qaysidir qobiliyatlarini aniqlash bo‘yicha kasbiy-ijodiy imtihon. O‘tgan yilgi talablarni oladigan bo‘lsak, imtihon muddatlari 11-iyuldan 20-avgusgacha qo‘yilgan edi. Bu yil imtihon o‘tkaziladigan sanalarni abituriyentlarning sonidan kelib chiqib, OTMning o‘zi belgilaydi. Ushbu imtihon 28-iyulgacha davom etishi taklif qilinmoqda. Chunki bularning maʼlumotlari test natijalari bilan qo‘shib hisoblanishi kerak.
Ikkinchisi – faqatgina kasbiy-ijodiy imtihonlar topshiriladigan yo‘nalishlarda 20-iyuldan hujjatlarni qabul qilish yakunlanadi. Undan keyin guruhlar tuzilib, jadvallarga ajratiladi va 25-iyuldan imtihonlar boshlanadi. Bu jarayon 20-avgustgacha bo‘lib o‘tadi.

Xabardor.uz