Koinotdan kelgan mehmonlar: eng mashhur 5 meteorit

  • 21:06 / 20.01.2020
  • 3181

Meteoritlar yer yuziga deyarli har kuni tushadi. Ammo juda maydaligidan sezilmaydi. Ba’zan okeanlarga tushgani uchun biz bilmay qolamiz. Ular hech qanday zarar keltirmaydi. Biz insoniyat tarixida o‘ziga xosligi bilan iz qoldirgan 5 ta meteorit haqida ma’lumot beramiz.

GettyImages-609979986-.jpg

Meteorlar – kometa va asteroidlarning kichik hajmli bo‘laklari, osmonda o‘zidan yorug‘ iz qoldiradi. Vaqti-vaqti bilan meteor yomg‘irlari ham kuzatiladi.  
Geminidlar – meteorlarning juda kuchli oqimi.  
Bolidlar – juda kuchli yorug‘lik taratuvchi va o‘zidan tutunsimon iz qoldiruvchi yirik jismlar.  

Meteoritlar. Atmosferaga kirgan bolid yonib ketmasa va Yerga (yoki boshqa sayyoraga) tushsa, ular meteoritlar deyiladi.  
Meteoritlarning odamlar ustiga tushganligi borasidagi rasmiy hujjatlar:
 
   • 1984-yil:  Sulakoga meteoritining 3,86 kilogrammlik bir bo‘lagi Amerikaning Alabama shtatidagi uy tomiga tushgan va  34 yashar ayolni kuchli jarohatlagan.  
   • 1992-yil: Mbal meteoritning 3 grammlik parchasi Ugandalik bolaning ustiga tushgan. Meteorit banan daraxti yaproqlariga urilib tushganligi sababli, bola zarar ko‘rmagan.   

Meteoritlardan zarar ko‘rgan odam haqida boshqa ma’lumotlar hozircha yo‘q.  

GettyImages-167396616-.jpg

Eng katta: Goba
Qayerda: Namibiya, Xrutfonteyn shahri atrofi  
Qachon: 80 ming yil oldin, 1920-yilda aniqlangan.  
Massasi: 66 tonna

 
1920-yili Namibiyaning Xrutfonteyn shaharchasidan uncha uzoq bo‘lmagan yerda yer haydayotgan fermerning omochi yurmay qoladi. Fermer qarasa, omoch kattagina temir bo‘lagiga tiqilib qolibdi. Topilma olimlarning e’tiborini tortdi. Ular  atrofini tozalab, meteoritni olishga harakat qilishdi. Biroq 66 tonnalik bu toshni siljitishning imkoni bo‘lmadi. Goba meteoriti Yerga bundan 80 ming yil ilgari qulab tushgan, deya taxmin qilindi. Tarkibining 84 foizi temirdan, 16 foizi nikeldan iboratligi aniqlandi.  
Ajablanarlisi, Goba meteorining krateri yo‘q.  Bu uning yerga ancha kichik tezlik bilan tushganligini bildiradi. Ayrim olimlar, bunga toshning yapaloqligi sabab bo‘lishi mumkin, degan fikrga kelishgan. 

GettyImages-170971554-.jpg

Eng zararli: Tungus 
Qayerda: Rossiya, Podkamennaya Tunguska daryosi
Qachon: 1908-yilda
Massasi: atmosferada parchalanib ketgan
  
1908-yilning 30-iyunida katta olovli halqa Sibir ustidan uchib o‘tib, yer yuzidan 10 kilometr balandlikda parchalanib ketgan. Yaxshiyamki, shar parchalangan joyda aholi kam bo‘lgan. Biroq millionlab daraxtlar, yuzlab jonivorlar yonib kul bo‘lgan, 
Garchi oradan 100 yildan ko‘proq vaqt o‘tgan bo‘lsa-da, hali hamon o‘sha kuni aslida nima bo‘lgandi, deya savol beriladi. Chunki o‘sha joydan na osmon jismining katta bo‘laklari, na yashirin biror narsa topilmagan. 

GettyImages-477456808.jpg

Eng “mashhur”: Chelyabinsk 
Qayerda: Rossiya, Chebarkul ko‘li
Qachon: 2013-yilda tushgan
Massasi: topilgan bo‘laklarining umumiy og‘irligi – 654 kilogramm (mutaxassislarning bahosiga ko‘ra, asosiy og‘irligi 10 000 tonna).  
2013-yilning 15-fevralida Rossiyaning Chelyabinsk shahrida sodir bo‘lgan portlash oqibatida uylarning derazalari sinib, binolar zararlangan. 1600 kishi yaralangan.  
Meteorit yirik aholi punkti yaqiniga tushgandi. Shuning uchun ham uning tushib kelishi yuzlab videokamera tomonidan suratga olingan hamda internet orqali 1 sutkada 73,3 million marta tomosha qilingandi.  
Meteoritning yaqinlashib qolganini hech kim sezmadi. Avvalo, uning diametri 100 metrdan kichik va yerga quyosh tarafdan kelayotgan edi. 

GettyImages-129380910-.jpg

Eng katta krater: Vredefort
Qayerda: JAR, Vredefort shahri 
Qachon: 2 milliard yil oldin tushgan
Massasi: noma’lum
 
Vredefort krateri yerga diametri kamida 10 kilometrli asteroidning qulashi oqibatida paydo bo‘lgan. Dastlab, krater vulqon otilishi natijasida hosil bo‘lgan, deb taxmin qilingandi. Biroq kraterning diametri 300 kilometr va mamlakat hududining 6 foizini egallagan. Uning ichida butun bir shahar istiqomat qilyapti.  Hozir bu joy YUNESKO tomonidan Butunjahon yodgorligi ro‘yxatiga kiritilgan.

GettyImages-540710894.jpg

Eng qadimiy va yaxshi o‘rganilgan: Alende
Qayerda: Meksika, Chiuaua shtati
Qachon: 4,6 milliard yil oldin tushgan, 1969-yilda topilgan.  
Massasi: 5 tonna
5 tonnalik bu meteorit Chiuaua shtatiga 1969-yilning 8-fevral tunida tushgan. Tushish jarayonida maydalanib ketganidan, yig‘ishtirib olingan bo‘laklari 3 tonnaga yaqin og‘irlikka ega bo‘lgan. Bu bo‘laklar dunyoning turli ilmiy tadqiqot markazlari va muzeylarida saqlanmoqda. Bu meteorit eng yaxshi o‘rganilgan samoviy jism, deb topilgan. Yoshi, taxminan, 4,567 yilni qamrab oladi. Meteoritdan faqat asteroidlarga taalluqli va ilgari fanga noma’lum bo‘lgan pangit minerali topilgan.