NASA Marsga kislorod ishlab chiqaradigan apparat uchiradi

  • 11:05 / 04.04.2020
  • 866

Mana bir necha yildirki, dunyo ahli Marsga parvoz qilishi kutilayotgan “Qat’iyat” (“Perseverance”) apparatining yaratilish tarixini kuzatmoqda. Gap shundaki, apparat avvallari boshqa marsoxodlar yordamida olingan ma’lumotlar bilan boyitilib, “Spirit”, “Opportunity” hamda “Curiosity” roverlari duch kelgan turli texnik muammolarni yengib o‘tishi kerak. NASAning bu apparati avvalgilaridan faqat nomi bilan emas, korpus ichiga mustahkam qilib o‘rnatilgan “Moksi” oltin qutisi bilan ham ajralib turadi. Uning yordamida “Perseverance” Mars atmosferasida mavjud bo‘lgan is gazini toza, nafas olish uchun yaraydigan kislorodga aylantirib beradi. Bu o‘ziga xos muhim maqsad ekanligini ta’kidlamasdan ilojimiz yo‘q. “Qat’iyat” qizil sayyoraga shu yilning 17-iyul kuni parvoz qilishi kutilmoqda.
 
Rover nima degani?
Rover – boshqa sayyoralar yuzasi uzra harakatlana oladigan kosmik apparat hisoblanadi. Hozirgi kunda Mars yuzasida “Curiosity” roveri harakatlanmoqda. U sayyora yuzasiga 2012-yil 6-avgust kuni qo‘ngan.

Marsda hayot bormi?
Yangi roverga nom berish borasida NASA mutaxassislari butun mamlakat o‘quvchilari o‘rtasida tanlov o‘tkazishdi. Natijada 28 ming variantni ko‘rib chiqqan muhandislar “Qat’iyat” nomida to‘xtalishdi. Uni Virjiniya shtatidan yettinchi sinf o‘quvchisi Aleksandr Meter tavsiya etgandi. 

Apparatni fazoga qo‘yib yuborish shu yilning yoz oylarida boshlanadi. Barcha murakkabligi bilan uchish 8 oyga cho‘zilib, “Perseverance” Marsga 2021-yil fevral oyida qo‘nishi kutilmoqda. Amerika milliy agentligi rasmiy saytida ma’lum qilinishicha, boshqa tadqiqot missiyalari qatori “Qat’iyat” ham bir qator qiyinchiliklarni yengib o‘tib, ajoyib kashfiyotlar qiladi. Eslatib o‘tamiz, yaqinda NASA olimlari “Insight” qurilmasi yordamida Qizil sayyoraning seysmik faolligini aniqlashgandi.

“Perseverance”ning vazifalari 
Rover yangi tadqiqot uchun kerak bo‘ladigan barcha asbob-uskunalar – jinslarni sinash uchun bort laboratoriyasi, 23 ta optik sensor va eng yuqori aniqlikdagi kameralar bilan jihozlangan. Bundan tashqari, yangi rover quyosh energiyasi bilan ishlaydigan vertolyot bilan takomillashtirilgan. Uning vazifasi – tadqiqot uchun yangi joylarni izlashdan iborat. E’tibor bering, hali biron-bir transport vositasi boshqa sayyora atmosferasida uchmagan. O‘rnatilgan mini vertolyotdan foydalanib, NASA uchish obyekti Marsda o‘zini qanday tutayotgani va umuman uchayaptimi yoki yo‘q, bilib turadi. Chunki Qizil sayyoraning atmosferasi Yerdan 100 barobarga zichroqdir. “Qat’iyat” Mars yuzasiga yetganda, Ezero krateriga qo‘nishi kerak. Ushbu qismda olib borilgan izlanishlar tadqiqotchilarga Marsdagi yashirin hayot izlarini topishga yordam berishi kutilmoqda.