Nogironlarni kasbiy yo‘naltirishga oid dastur ishlab chiqilganiga chorak asr bo‘lgan – SSV

  • 18:57 / 04.01.2020
  • 409

Bugun, 4-yanvar kuni Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan  “Nogironligi mavjud shaxslarga alohida e’tibor: nogironlikni belgilash tartiblari va yaratilayotgan imtiyozlar” mavzusida  matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

Ushbu tadbirda ko‘p yillar davomida yig‘ilib qolgan sohadagi muammolar muhokama etildi.

Ushbu yo‘nalishda yo‘l qo‘yilgan muammolar haqida gapirar ekan, Tibbiy ijtimoiy xizmatlar agentligi direktori Alisher Inaqov bir qator hal etilishi lozim bo‘lgan masalalarni sanab o‘tdi.

–Hozirda tibbiy mehnat ekspertiza faoliyatini me’yorlashtiradigan hujjatlar soni meyoridan ortib ketgan. Bu soha mutaxassislariga qiyinchiliklar tug‘dirmoqda. Natijada me’yoriy hujjatlardan noto‘g‘ri  foydalanish holatlari sodir etilmoqda, - deydi Tibbiy ijtimoiy xizmatlar agentligi direktori. – Joylardagi “Respublika ijtimoiy ekspertiza” va “tibbiy mehnat ekspertizasi” kabi tashkilot nomlari Sobiq Ittifoq davridan qolgan atamalar hisoblanadi. Undan tashqari nogironlarga “bemor” deb qaralishi ham tibbiy model tarafidan noto‘g‘ri. Bu ularning huquqlarini paymol qilish bilan barobardir.

Shuningdek, agentlik direktorining ta’kidlashicha, nogironligi bo‘lgan shaxslar, keksalar va aholining ehtiyojmand qatlamlari ijtimoiy muhofazasi bilan shug‘ullanadigan alohida vakolatli tashkilot organi bugungi kungacha yo‘q bo‘lgan.

–Nogironlikning oldini olish, nogironlarni tibbiy-ijtimoiy, kasbiy reabilitatsiya qilish masalasi bugungi kun talabiga aslo javob bermaydi. Negaki, birinchi va oxirgi marta bu borada qabul qilingan dastur bundan 24 yil avval qabul qilingan, - dedi Alisher Inaqov. –Mazkur muammolar yuzasidan tegishli qaror va qonun hujjatlari ishlab chiqilmoqda.