O‘zbekiston har yili qancha miqdordagi dorivor o‘simliklarni eksport qilishi haqida ma’lum qilindi 

  • 11:02 / 09.02.2020
  • 280

2020–2024-yillarda O‘zbekiston Respublikasining farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish konsepsiyasi e’lon qilindi.


Mazkur konsepsiyada farmatsevtika tarmog‘ining joriy holati ham tahlil qilingan bo‘lib, unga ko‘ra, so‘nggi besh yil ichida mahalliy farmatsevtika bozori yangi turdagi mahsulotlarni o‘zlashtirish va ishlab chiqarish hajmlarining ortishida o‘sish sur’atlarini ko‘rsatgan.
 
Chunonchi, konsepsiyaga ko‘ra, 2014-yilda 520 milliard so‘mdan ortiq farmatsevtika mahsulotlari ishlab chiqarilgan bo‘lsa, 2018-yilda 1,5 trillion so‘mdan ortiq miqdorda mahsulot ishlab chiqarildi yoki o‘sish o‘rtacha 3 baravarni tashkil etdi. 

Ushbu davrda ishlab chiqarilgan mahsulotlar hajmi o‘rtacha 4 marta o‘sib, tayyor dori vositalari 360 million shartli birlikdan ortiq, tibbiy buyumlar 490 million shartli birlikdan ortiqni tashkil qildi. 

Bugungi kunda O‘zbekistonda farmatsevtika mahsulotlarini ishlab chiqaruvchi 191 ta mahalliy korxonalar faoliyat yuritmoqda. Ulardan 95 tasi turli xil dori vositalarini ishlab chiqarishga ixtisoslashgan, 23 tasi tibbiy texnika, 62 tasi tibbiy buyumlar, 11 tasi ham dori vositalari, ham tibbiy buyumlar ishlab chiqaradi.  


O‘zbekistonda farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish uchun yetarli xomashyo bazasi mavjud. Xususan, 4 500 ga yaqin o‘simlik turlari o‘sadi, 51 ta farmatsevtika korxonasi dorivor o‘simliklarni qayta ishlash bilan shug‘ullanadi. 

O‘tgan davr mobaynida ixtisoslashtirilgan ilmiy-tadqiqot institutlarining olimlari tomonidan 10 mingdan ortiq yangi kimyoviy moddalar ajratib olindi va sintez qilindi, 2 mingdan ortiq o‘simlik moddalarining farmakologiya va toksikologiyasi o‘rganildi, 70 ga yaqin dori preparatlari va biologik faol qo‘shimchalarning klinik tadqiqotlari o‘tkazildi, 45 ta dori preparatlari tibbiyot amaliyotida qo‘llash uchun tavsiya etildi. 

O‘zbekistonning dorivor florasiga chet elda ham talab katta. Respublika har yili 18 million AQSh dollaridan ortiq miqdorda 5 ming tonnadan ortiq o‘simlik xomashyosi va uning asosida ishlab chiqarilgan dori preparatlarini eksport qilmoqda. 

Biroq, O‘zbekistonning dorivor o‘simliklar yetishtirish salohiyatidan yetarli darajada to‘liq foydalanilmayapti, bu esa, o‘z navbatida, dorivor o‘simlik xomashyosi asosida talab yuqori bo‘lgan dori vositalarini seriyali ishlab chiqarishning yetarli darajada emasligiga olib keldi. Respublika hududida o‘sadigan dorivor o‘simliklarning 577 turidan faqat 112 turi tibbiyot amaliyotida 100 dan ortiq nomdagi dori vositalarini ishlab chiqarishda foydalanilmoqda.