O‘zbekiston-Turkmaniston chegarasida chegara savdo zonalarini yaratish masalalari ko‘rib chiqildi

  • 21:31 / 15.05.2020
  • 423

Joriy yilning 13-may kuni O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari − investisiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzakov Vazirlar Mahkamasi raisining o‘rinbosari – Turkmaniston tashqi ishlar vaziri R.Meredov bilan videokonferensaloqa orqali muzokaralar o‘tkazdi.

Uchrashuv davomida savdo-iqtisodiy, investitsiya, transport-logistika va madaniy-gumanitar sohalaridagi ikki tomonlama hamkorlikning joriy holati va istiqbollari muhokama qilindi.

Xususan, 2020-yilning ikkinchi yarmida Toshkentda ikki tomonlama hamkorlik masalalarini birgalikda hal etish uchun samarali platforma sifatida o‘zini ko‘rsatgan savdo-iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy, madaniy-gumanitar hamkorlik bo‘yicha Hukumatlararo komissiyaning navbatdagi yig‘ilishini hamda O‘zbekiston-Turkmaniston ishbilarmonlik Kengashining birinchi yig‘ilishini o‘tkazish dolzarbligi ta’kidlandi.
O‘zbekiston-Turkmaniston chegarasida chegara savdo zonalarini yaratish masalalari ko‘rib chiqildi, bu esa ikki mamlakat bozorlarida talabga ega qishloq xo‘jaligi va maishiy texnika, oziq-ovqat mahsulotlari, qurilish materiallari hamda neft-kimyo mahsulotlari yetkazib berish orqali tovar aylanmasini sezilarli darajada oshirishi mumkin.

Ma’lumot uchun, 2019-yil yakunlari bo‘yicha O‘zbekiston va Turkmaniston o‘rtasidagi tovar aylanmasi 78 foizga ko‘paydi, so‘nggi uch yil mobaynida esa o‘zaro savdo hajmi 3 barobardan ziyod oshdi.

Uglevodorod xomashyosi konlarini o‘zlashtirish, qishloq xo‘jaligi mashinasozligi va qurilish materiallarini birgalikda ishlab chiqarishni tashkil etish sohalarida investitsiya va sanoat hamkorligining yirik istiqbollari ham qayd etildi.

Bundan tashqari, tomonlar ikki mamlakatda xalqaro konferensiyalar, forumlar va boshqa tadbirlarni tashkil etish orqali madaniy-gumanitar sohadagi hamkorlikni kengaytirish imkoniyatlarini muhokama qildilar.

Muzokaralar yakunida muhokama etilgan yo‘nalishlar doirasida o‘zaro manfaatli loyiha va tashabbuslarni ilgari surish va amalga oshirish bo‘yicha qo‘shma ishchi guruh tuzish bo‘yicha kelishuvga erishildi.