O‘zbekistonda matematika bo‘yicha milliy standartlashtirilgan test tizimi joriy qilinadi

  • 18:10 / 06.02.2020
  • 620

5-fevral kuni O‘zbekiston-Yaponiya yoshlar innovatsiya markazida O‘zbekistonda matematika fanini rivojlantirishdagi muammolar va yechimlar mavzusida seminar tashkil etildi. Bu haqda Innovatsion rivojlanish vazirligi matbuot kotibi Nazokat Abduqunduzova Xabardor.uz’ga ma’lum qildi.

Seminar ishtirokchilari tomonidan umumta’lim maktablari va oliy ta’lim muassasalarida matematika fani bo‘yicha darsliklarning hozirgi kun talablariga javob bermasligi, darsliklar o‘quvchi va talabalarning mustaqil mavzuni o‘rganishlari uchun mo‘ljallanmagani bois fanni o‘zlashtirishda qiyinchiliklar vujudga kelayotgani aytildi.

Shu sababli matematika fanini rivojlantirish, matematika sohasida faoliyat yuritayotgan hamda izlanishlar olib borayotgan mutaxassislar, bank va boshqa sohalar o‘rtasida mustahkam manfaatli aloqalar o‘rnatishga asosiy e’tibor qaratildi.

O‘z navbatida matematika bo‘yicha xalqaro olimpiadalarga o‘quvchi va talabalarni tizimli tayyorlash mexanizmini ishlab chiqish masalasi ham ko‘tarildi.

Shuningdek, O‘zbekistondagi barcha oliy ta’lim muassasalarida tan olinadigan matematika bo‘yicha milliy standartlashtirilgan test tizimini joriy qilish lozimligi qayd etildi.

“Bunday tizimning yaratilishi, avvalo yoshlarning matematika bo‘yicha bilimlarini oshirishga yordam bersa, ikkinchi tomondan ta’lim tizimining barcha bosqichlarida korrupsiyani oldini olishga xizmat qiladi”, deyiladi xabarda.

Xabardor.uz