O‘zbekistonning joriy yil yanvar-fevral oylaridagi tovarlar va xizmatlar importi hajmi ma’lum qilindi

  • 12:48 / 21.03.2020
  • 382

2020-yil yanvar-fevral oylari yakuni bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi tomonidan 118 davlat bilan tovarlar va xizmatlar importi amalga oshirildi. Bu haqda Davlat statistika qo‘mitasi ma’lum qildi.

Yetti yirik hamkor davlatlar (Xitoy, Rossiya Federatsiyasi, Koreya Respublikasi, Qozog‘iston, Turkiya, Germaniya va Litva) jami importning 69,3 foizini tashkil qiladi, bu 2 280,2 mln. AQSh dollaridan ortiqni tashkil etadi. 

“Mamlakatdagi sarmoyaviy muhit yaxshilangani sari va ushbu sohada amalga oshirilgan islohotlar natijasida mashina va uskunalar, shuningdek, ularning qismlari importining o‘sishi tabiiydir. Shunday qilib, Xitoy, Koreya, Rossiya, Germaniya tomonidan kiritilgan katta hajmdagi investitsiyalar natijasida ushbu mahsulotlar importi hajmida ushbu mamlakatlarning yuqori ulushi saqlanib qolmoqda”, deyiladi Davstatqo‘m xabarida.

Shuningdek, 2019-yil yanvar-fevral oylari yakuni bilan xizmatlar importi hajmi 383,9 mln. AQSh dollarini yoki jami import hajmining 11,7 foizini tashkil etdi va o‘tgan yilga nisbatan 22,2 foizga oshgan. Xizmatlar importi tarkibining asosiy ulushi safarlar (turizm xizmatlari), transport xizmatlaridan iborat bo‘ldi.