O‘zbekistonning tashqi savdo aylanmasi hajmi 9,6 mlrd dollarga oshdi

  • 16:12 / 30.12.2019
  • 477

2019-yilning 11 oyida O‘zbekistonning tashqi savdo aylanmasi hajmi 38,3 mlrd. dollarni tashkil etib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 9,6 mlrd. dollarga oshgan. Bu haqda Iqtisodiyot va sanoat vazirligi matbuot xizmati Xabardor.uz’ga ma’lum qildi.

Eksportning umumiy hajmi 4,9 mlrd dollarga oshgan

Eksportning umumiy hajmi esa 16,3 mlrd. dollarni tashkil etib, 4,9 mlrd., dollarga oshgan bo‘lsa, import hajmi 22,0 mlrd. dollarni tashkil etib, 4,7 mlrd., dollarga oshgan. Natijada, tashqi savdo aylanmasi manfiy saldosi -5,7 mlrd. dollarni tashkil etib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 228,4 mln. dollarga kamaygan.

Joriy yil yakunida umumiy eksport hajmi 34 foizga o‘sdi

Eksportni rag‘batlantirish, xususan, mahalliy mahsulotlarni tashqi bozorga olib chiqishni har tomonlama soddalashtirish hamda moliyaviy qo‘llab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar natijasida 2019-yil yakuni bilan umumiy eksport hajmi 34 foizga o‘sib, 18,7 mlrd. dollarga yetishi kutilmoqda.
Bunda asosan, jahon tovar-xomashyo bozorlarida asosiy eksport tovarlari uchun yuqori narxlar shakllanishi tovarlar eksporti hajmini 1 mlrd. dollargacha o‘sishiga, xalqaro iqtisodiy aloqalarning rivojlantirilishi hisobiga esa 1,5 mlrd. dollarga o‘sishiga xizmat qildi.

Eksport qiluvchi korxonalar soni mingdan ortdi

Natijada, o‘tgan davrda tovar va xizmatlar eksport qiluvchi korxonalar soni 1138 taga ko‘payib, hamkor mamlakatlarning eksport geografiyasi 18 ta davlatga kengayib, 177 taga yetdi.

•  oziq-ovqat mahsulotlari eksporti o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 392,3 mln. dollarga;
•  rangli metal va undan tayyorlangan buyumlar 146,4 mln. dollarga;
•  to‘qimachilik mahsulotlari 289,7 mln. dollarga; 
•  xizmatlar 344,8 mln. dollarga va boshqalar 252,3 mln. dollarga o‘sdi.

Import qilingan tovarlar hajmi 4,5 mlrd dollarga oshdi

Joriy yil yakuni bo‘yicha import hajmi jami 24,0 mlrd. dollarni tashkil etishi kutilmoqda. 2019-yilning 11 oyida import qilingan tovarlar hajmi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 4,5 mlrd. dollarga oshib, 19,8 mlrd. dollarni, xizmatlar importi hajmi 2,2 mlrd. dollarni tashkil etdi.
Import tarkibida eng katta ulush:
•  mashina va asbob uskunalar hamda ularning qismlari 44,1 foizni; 
•  kimyo mahsulotlari va undan tayyorlangan buyumlar 13 foizni; 
•  oziq-ovqat mahsulotlari 7,6 foizni tashkil etdi.

Ushbu import tovarlarning qariyib 50 foizi iqtisodiyotda investitsion importni, 25 foizi qayta ishlash uchun xom-ashyo importini, 25 foizi tayyor mahsulot sifatida iste’mol importini tashkil etdi.

Xabardor.uz