Ronaldu ilk milliarder futbolchiga aylandi. Qanday qilib?

  • 11:32 / 06.06.2020
  • 1406

“Yuventus” klubi va Portugaliya terma jamoasi hujumchisi Krishtianu Ronaldu 1 milliard dollardan ko‘proq daromadga ega tarixdagi ilk futbolchiga aylandi, deb yozmoqda EuroNews Forbes nashriga tayanib.

Qayd etilishicha, futbolchi o‘tgan yili soliq va yig‘imlarni to‘lashdan oldin 105 million dollar ishlab topib, Celebrity 100 nashri reytingida to‘rtinchi pog‘onani egallagan. Uning argentinalik raqibi Lionel Messi ham 104 million dollar to‘plab, u bilan bitta pog‘onadan joy olgan.

Ronaldu 2016-yildan beri Nike kompaniyasi bilan shartnomaga ega. Kompaniya mahsulotlari reklamasida suratga tushgani uchun sportchiga yiliga 20 million dollar to‘lashadi.

“U 17 yillik professional faoliyati davomida 650 million dollar ishlab topgan, Italiya klubi bilan 2022-yilga qadar tuzilgan shartnoma esa uning daromadini 765 million dollarga yetkazgan.

Qolgan daromad “mashhurligini ishga solishdan” kelgan”, deyiladi xabarda.

Shu tariqa Ronaldu bokschi Floyd Meyvezer va golfchi Tayger Vudsdan keyin milliarder sportchilar qatoridan joy oldi. Ammo u jamoaviy sport turlaridagi birinchi milliarder hisoblanadi.

Ma’lumot uchun, Forbes mazkur pullarni hisoblashda Ronalduning faoliyati mobaynidagi maosh, homiylar va boshqa investitsiyalardan tushgan mablag‘larni inobatga olgan.