Rossiya oliy ta’lim muassasalarida ta’lim olgan o‘zbekistonlik yoshlar haqida ma’lum qilindi

  • 21:54 / 27.05.2020
  • 375

400 mingdan ortiq o‘zbekistonlik yoshlar Rossiya oliy ta’lim muassasalarida bakalavriatura, magistratura va aspiranturada o‘qib, 300 nafardan ortiq professor-o‘qituvchi ilmiy stajirovka o‘tagan.
 
Bu haqda joriy yil 27-may kuni bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston va Rossiya hukumatlari tegishli vazirlik va idoralarining “O‘zbekiston va Rossiya yetakchi oliy ta’lim muassasalari rektorlarining Xududlararo onlayn konferensiyasi”da ma’lum qilindi.

Konferensiyada qayd etilishicha, so‘nggi yillarda yanada kengaygan o‘zaro hamkorlik aloqlari natijasida O‘zbekistonning 34 ta, Rossiyaning 48 ta oliy ta’lim muassasalari ishtirokidagi qo‘shma dasturlar asosida 3500 nafardan ortiq talabalar tahsil olmoqda. O‘zbekistonda ochilgan Rossiyaning yetakchi oliy ta’lim muassasalari filiallari soni 10 taga yetdi, qo‘shma ilmiy loyihalar soni va ko‘lami sezilarli darajada o‘sgan.

Mazkur konferensiya, 2020-yilda Moskva shahrida o‘tkazilishi rejalashtirilgan O‘zbekiston va Rossiya Prezidentlari sammiti dasturiga kiritilgan O‘zbekiston-Rossiya ikkinchi ta’lim forumiga tayyorgarlikning muhim bosqichi bo‘lib xizmat qilishi ta’kidlandi. Tadbir doirasida oliy ta’lim va ilmiy sohalardagi ikki tomonlama kelishuvlar amalga oshirilishining dastlabki natijalari va istiqbollari muhokama qilindi.

Konferensiya davomida O‘zbekiston hamda Rossiya vazirlik va idoralari tomonidan Toshkentda A.I.Gersen nomidagi Rossiya davlat pedagogika universiteti filiali, N.I.Pirogov nomidagi Rossiya Milliy ilmiy-tadqiqot tibbiyot universiteti filiali, Sankt-Peterburg konchilik universitetining Boshlang‘ich muhandislik tayyorgarligi markazi va Toshkentdagi Sankt-Peterburg davlat universiteti filialini, shuningdek “Stankin” nomidagi Moskva davlat texnologiyalar universitetining Toshkent davlat texnika universiteti, Samarqand davlat universiteti, Navoiy davlat konchilik instituti va Buxoro muhandislik-texnologiya instituti bilan hamkorlikda Rossiya-O‘zbekiston ilmiy-texnologik o‘quv markazini tashkil etish tashabbuslari ilgari surildi.

Anjuman dasturi doirasida Rossiya va O‘zbekiston oliy ta’lim muassasalari rektorlari o‘zaro hamkorlikni rivojlantirishning dolzarb masalalari yuzasidan ochiq muloqot jarayonida o‘zaro fikr almashdilar.

Konferensiya yakunida ikki mamlakat o‘rtasida ilmiy sohadagi hamkorlikni yanada kengaytirish va natijadorligini oshirishga qaratilgan qator shartnomalar imzolandi, bu boradagi istiqboldagi vazifalar belgilandi.