Rossiyada 24 yoshli o‘zbekistonlik fuqaro 5,5 yilga qamaldi

  • 16:55 / 13.01.2020
  • 783

2020-yilning 10-yanvar kuni Rossiya Federatsiyasi harbiy sudi tomonidan O‘zbekiston fuqarosi  Shermuhammad Shamsiddinovni ijtimoiy tarmoqlarda terrorizmni targ‘ib qiluvchi materiallar joylashtirgani uchun 5,5 yilga ozodlikdan mahrum qildi. Bu haqda Rossiya Federatsiyasi Bosh prokuraturasi ma’lum qildi.

Tergov ma'lumotlariga ko‘ra, endigina 24 yoshga kirgan aybdor Shermuhammad Shamsiddinov 2016-yil iyuldan 2018-yil iyuniga qadar o‘zining ijtimoiy tarmoqlaridagi sahifalarida “terroristik tashkilotlar faoliyatini oqlash, zo‘ravonlik g‘oyalarini targ‘ib qilish, terrorchilik harakatlari zarurligini asoslash, shuningdek, terrorchilik tashkilotlariga qo‘shilishga chaqiriqlar” bo‘lgan audio va videofayllarni joylashtirgan.

Sud uni Rossiya Federatsiyasi Jinoyat kodeksi 205.2-moddasi 2-qismi (“Terrorchilik faoliyatini amalga oshirishga chaqirish, terrorizmni oqlash va “Internet” axborot-telekommunikatsiya tarmog‘idan foydalangan holda terrorizmni targ‘ib qilish”)da aybdor deb topdi. O‘zbekistonlik yigit jazoni umumiy tartibdagi koloniyada o‘tashi belgilandi, unga uch yil davomida saytlarni yaratish va boshqarish bilan bog‘liq faoliyat bilan shug‘ullanish taqiqlandi.
Bayonotda ta’kidlanishicha, hukm hali qonuniy kuchga kirmagan.