Samarada yig‘ilgan o‘zbekistonliklarga mahalliy hokimiyat ish taklif qildi

  • 16:16 / 26.05.2020
  • 418

Rossiya Federatsiyasining Samara viloyatidagi holat to‘g‘risida ma’lum qilindi.

Tashqi ishlar vazirligining ma’lum qilishicha, Rossiya Federatsiyasi hududida bo‘lib turgan O‘zbekiston fuqarolari  rejalashtirilmagan va kelishilmagan tadbirlarni o‘tkazish maqsadga muvofiq emasligi to‘g‘risida avval ogohlantirilganliklariga qaramasdan Qozog‘iston Respublikasi hududi orqali vatanga qaytish istagida bo‘lgan fuqarolarning Rossiya-Qozog‘iston chegarasi yaqinida Samara viloyatida to‘planishgan.

“Shu munosabat bilan takroran ma’lum qilamizki, 2020-yilning 18 va 19-may kunlari Rossiya-Qozog‘iston chegarasi orqali vatandoshlarimizning O‘zbekistonga olib ketilishi istisno tariqasida va diplomatik vakolatxonalarning avvaldan shakllantirgan ro‘yxati asnosida Rossiya va Qozog‘iston tomonlari bilan kelishilgan holda amalga oshirilgan edi. Qo‘shimcha ro‘yxatlar tuzilishi ko‘zda tutilmagan”, deyiladi TIVning xabarida.

Ma’lum qilinishicha, 280 taga yaqin fuqarolar Rossiya-Qozog‘iston chegarasi oldida to‘plangan. O‘zbekistonning Qozon shahridagi Bosh konsulxonasi ma’lumotiga ko‘ra, Samara viloyati Hukumati ushbu fuqarolarni sanoat obyektlarida ish, yotoq joy va oziq-ovqat bilan ta’minlashga tayyorligini bildirgan. Ammo to‘plangan o‘zbekistonliklardan faqat 25 tasi ushbu taklifni qabul qilgan bo‘lsa, qolganlari hamon Bolshaya Chernigovka tumani hududida qolmoqdalar. Ishga joylashishni istamagan va chegara yaqinida qolayotgan fuqarolarni O‘zbekistonga qaytarish choralari ko‘rilmoqda. 

Shuningdek, TIV Rossiya hududida bo‘lib turgan O‘zbekiston fuqarolaridan Rossiya-Qozog‘iston davlatlararo chegarasini kesib o‘tish nuqtalariga borishga urinmasliklarini, yashash joylarida qolishlarini va karantin choralariga qat’iy amal qilishlarini so‘ramoqda.