Shahar poliklinikasida qishki uyquga ketgan ayiqlar 

  • 23:58 / 11.12.2019
  • 1296

Yaponiyaning Minami-Uonuma shahridagi poliklinika omboriga kirgan xodimlar   bolalari bilan qishki uyquga ketgan ona ayiqqa duch keldi. Cho‘chib ketgan xodimlar darrov politsiyaga xabar berdi. Zumda yetib kelgan politsiyachilar harchand harakat qilmasin, ona ayiqni uyg‘ota olishmadi. Nihoyat uning ko‘ziga chiroq tushirishganda, u karaxt holda uyg‘ondi, biroq o‘rnidan turishni istamadi. 
Shundan keyin poliklinikani yopishdi, xodimlar va bemorlarni uylariga jo‘natishdi. Chala uyg‘ongan ona ayiqni uyqu dori yordamida qaytadan uxlatib, qafasga joylashdi
Niigata prefekturasi professori Xideo Nogutining so‘zlariga ko‘ra, bu mavsumda tog‘larda ozuqa kamligidan, ayiqlar qishlash uchun shaharga kelishgan. Yaponiyada Osiyo qora ayig‘i keng tarqalgan. Uning bo‘yi bir yarim metr, og‘irligi 120 kilogrammdan oshmaydi. Asosan, o‘simliklar bilan oziqlanadi. Bu yerda, taxminan, 120 ming ayiq bor.