Uchtepadagi avtoservis portlashida qurbonlar 3 taga yetdi, hodisa sababi aniqlandi

  • 10:27 / 15.03.2020
  • 948

2020-yil 14-mart kuni Toshkent shahri, Uchtepa tumani, Foziltepa ko‘chasida joylashgan avtoservislardan birida portlash ro‘y bergandi.

Bosh prokuraturaning ma’lum qilishicha, avtomashinalarga texnik xizmat ko‘rsatish majmuasida tabiiy gaz quvuridan sizib chiqayotgan gaz isiga uchqun tegishi natijasida portlash sodir bo‘lgan.

Dastlabki ma’lumotlarda 2 nafar fuqaro vafot etgan, 4 nafari tan jarohatlari olgan deyilgandi.

Kunning ikkinchi yarmida Favqulodda vaziyatlar vazirligi tomonidan vayronalar ostidan uchinchi qurbonning jasadi topilganligi haqida rasmiy bayonot berildi.

Mazkur holat yuzasidan joriy yilning 14-mart kuni Toshkent shahar prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 257-moddasi ya’ni, Mehnatni muhofaza qilish qoidalarini buzish va 192-11-moddasi – Nodavlat tijorat tashkilotida yoki boshqa nodavlat tashkilotida mansabdor shaxslar tomonidang o‘z vakolatlarini suiiste’mol qilish bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda, deyiladi xabarda.