Xitoy kompaniyasi O‘zbekistonda arzon yuk mashinalari ishlab chiqarish uchun investitsiya kiritdi

  • 17:26 / 16.01.2020
  • 545

“O‘zavtosanoat”, “Sinotruk International Investment Limited” va “MAN Truck & Bus SE” “Uz Truck and Bus Motors” tashkil etish to‘g‘risida kelishuv imzoladi. Bu haqda "O‘zavtosanoat" matbuot xizmati ma’lum qildi.

Yangi kompaniya O‘zbekistonda yuk avtomobillari ishlab chiqaruvchi “JV MAN Auto-Uzbekistan” negizida tashkil etiladi.

Xitoy kompaniyasi 12,1 mln. dollar investitsiya kiritdi

Xitoy kompaniyasining korxona ustav fondiga kiritgan investitsiyasi hajmi 12,1 mln. dollarni tashkil etdi.
Qayd etilishicha, investitsiyalar ishlab chiqarish quvvatlarini yiliga 3 ming tijorat texnikasidan 6 ming donaga yetkazish, yangi modellar ishlab chiqarishni o‘zlashtirish va butlovchi detallarni mahalliylashtirishga yo‘naltiriladi.

Arzon narxdagi yuk avtomobillari ishlab chiqariladi

Ushbu loyiha 100dan ortiq ish o‘rinlari yaratish, korxonaning eksport salohiyatini oshirish, shuningdek, ishlab chiqarilayotgan tijorat texnikasi mahalliylashtirish darajasini 50 foizgacha yetkazish imkonini beradi.

“Ushbu qaror bozorni arzonroq, shu bilan birga sifatli bo‘lgan, raqobatbardosh va xaridorlar uchun hamyonbop yuk avtomobillari bilan ta’minlash, respublika ichida turli brendlar o‘rtasida raqobatni oshirish, shuningdek, yuk ko‘tarish qobiliyati 5 tonnadan 70 tonnagacha bo‘lgan, jumladan samosvallar ishlab chiqarishni o‘zlashtirish maqsadida qabul qilindi”, deyiladi xabarda.