Yaponiyaliklar O‘zbekistonda xususiy kompaniya ochishning tartibi haqidagi qo‘llanmalarini e’lon qildi 

  • 17:41 / 23.05.2020
  • 354

Yaponiya tashqi savdoni rivojlantirish tashkiloti o‘zining rasmiy saytida, mehnat vizasini va ishlash uchun ruxsatnomani olish tartib-taomillari bo‘yicha qo‘llanmalar e’lon qildi.

Bu haqda Yaponiya tashqi savdoni rivojlantirish tashkiloti (JETRO) vise-prezidenti Yo.Xoshino bugun, 23-may kuni Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi mutasaddilari bilan bo‘lib o‘tgan videokonferensiyada ma’lum qildi.

Yo.Xoshinoning ma’lum qilishicha, mazkur ma’lumot JETRO elektron jurnali orqali 4000 yapon tadbirkorlariga ham yuborilgan.

Shuningdek, muloqot chog‘ida JETRO rahbariyati O‘zbekistonning ishonchli biznes hamkori bo‘lishda davom etish niyatini tasdiqladi. Xususan, Yaponiya kompaniya va tashkilotlari rahbarlari ishtirokida O‘zbekiston - Yaponiya biznes klubi majlislari va “Invest in Rising Uzbekistan” biznes-seminarlarini o‘tkazish amaliyotini davom ettirish taklifi bildirildi. Yo.Xoshino BAA va Turkiyada faoliyat yuritayotgan yapon kompaniyalari rahbarlari uchun seminarlar o‘tkazishni taklif qildi.

Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi Axborot xizmatining ma’lum qilishicha, muzokaralar davomida O‘zbekistonda investitsiya loyihalarini amalga oshirishdan manfaatdor yangi potensial sheriklarni jalb etish bo‘yicha o‘zaro hamkorlikning istiqbolli mexanizmlari ham muhokama qilingan.

Muzokaralar yakunida tomonlar mavjud kelishuvlarni amalga oshirish hamda o‘zbek va yapon tadbirkorlari o‘rtasida yangi aloqalarni o‘rnatish bo‘yicha birgalikda ish olib borish orqali o‘zaro manfaatli hamkorlikni davom ettirish va rivojlantirishga sodiqligini tasdiqladilar.