Abror Muxtor Aliy Musulmonlar idorasida mas’ul lavozimga tayinlandi

  • 19:17 / 09.08.2021
  • 346

Abror Muxtor Aliy O‘zbekiston musulmonlari idorasida yangi tashkil qilingan bo‘limdagi lavozimga tayinlandi. Bu haqda idora matbuot xizmati xabar berdi.

Xabarga ko‘ra, Abror Muxtor Aliy (Abror Abduazimov) O‘zbekiston musulmonlari idorasida yangi tashkil etilgan «Qur’on tajvidini o‘rgatish» bo‘limi mudiri o‘rinbosari sifatida tayinlangan.

Qayd etilishicha, Abror Muxtor Aliy O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi faxriy doktori hisoblanadi. U Andijon viloyatidagi «Sayyid Muhyiddin Mahdum» madrasasidagi tayyorlov kursida tahsil olib, Namangan shahridagi «Mulla Qirg‘iz» (hozirgi «Hidoya») o‘rta-maxsus diniy ta’lim muassasasida o‘qigan. Shundan so‘ng Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom institutida tahsil olgan.

Ma’lumot uchun, Abror Abduazimov 2008-yil Respublika qorilar musobaqasida ishtirok etib, «mujavvid qorilar» yo‘nalishi bo‘yicha 3-o‘rinni olgan. 2008-yil Toshkent viloyati «Olimjon ota» jome masjidida imom-xatib bo‘lib ishlagan. 2008–2009-yillarda Xorazm viloyatidagi «Faxriddin ar-Roziy» o‘rta-maxsus diniy ta’lim muassasasi o‘qituvchi vazifasida xizmat qilgan. 2009–2011-yillarda O‘zbekiston Milliy universitetining Oliy jurnalistika kurslarida magistrlik darajasini olgan.

Teglar