Adliya “Haqiqat va taraqqiyot” sotsial-demokratik partiyasini ro‘yxatdan o‘tkazishni rad etdi

  • 12:10 / 21.06.2021
  • 393

Adliya vazirligi tomonidan “Haqiqat va taraqqiyot” sotsial-demokratik partiyasini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish yuzasidan arizalar va ilova qilingan hujjatlar qonunchilikda belgilangan tartibda ikki marta o‘rganib chiqilgan. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati ma’lum qildi.

O‘rganishlar natijasida partiyani davlat ro‘yxatidan o‘tkazish bo‘yicha hujjatlar “Siyosiy partiyalar to‘g‘risida” va “Nodavlat notijorat tashkilotlari to‘g‘risida”gi qonunlar talablariga rioya qilinmagan holda taqdim qilingani aniqqlangan. 

“Xususan, “Siyosiy partiyalar to‘g‘risida”gi Qonunning 6-moddasiga ko‘ra, siyosiy partiyani tuzish uchun kamida 8 ta hududiy sub’yektda (viloyatda), shu jumladan Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Toshkent shahrida yashayotgan hamda partiyaga birlashish istagida bo‘lgan kamida 20 000 fuqaroning imzosi bo‘lishi talab etiladi.
Biroq, partiyani davlat ro‘yxatidan o‘tkazish bo‘yicha bor-yo‘g‘i 9 873 ta imzo yig‘ilgan”, – deyiladi vazirlik rasmiy munosabatida.

Jumladan, 2021-yil 7-apreldagi arizaga 7 675 ta (qo‘shimcha 944 ta) va 7 iyundagi arizaga 1 254 ta imzo qo‘ygan fuqarolarning ro‘yxatlari ilova qilingan. Shundan imzolar ro‘yxatida ko‘rsatilgan shaxslarning 42 nafari vafot etgan.

Bundan tashqari, yuqorida ko‘rsatilgan imzolar partiya tuzish bilan bog‘liq bo‘lmagan holda turli sabablar asosida yig‘ilganligi sababli, imzolarni hisobga olmaslik (bekor qilish) haqida bugungi kunga qadar vazirlikka jami 2 292 ta murojaat kelib tushgan.

“Shunga ko‘ra, “Haqiqat va taraqqiyot” sotsial-demokratik partiyasini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish rad etildi.
Shuningdek, “Siyosiy partiyalar to‘g‘risida”gi Qonunning 6-moddasiga asosan, tashkiliy qo‘mita tuzilgan kundan boshlab uzog‘i bilan uch oy faoliyat ko‘rsatish huquqiga egaligi va shu munosabat bilan, belgilangan muddat o‘tgandan keyin tashkiliy qo‘mita o‘z faoliyatini tugatishi, imzolar yig‘ish to‘xtatilishi haqida eslatib o‘tiladi”, – deb ta’kidlanadi vazirlik munosabatida.