Adliya vazirligi Gulnora Karimova olib chiqqan 1,3 milliard dollarlik mulklarni qaytarish bo‘yicha ma’lumot berdi

  • 14:47 / 15.06.2020
  • 228

15-iyun kuni AOKA huzuridagi shtabda Adliya vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi boshlig‘i Sevara O‘rinboyeva ishtirokida brifing bo‘lib o‘tdi. Unda chet elga noqonuniy olib chiqilgan aktivlarning O‘zbekistonga qaytarilishi borasida olib borilayotgan ishlar haqida axborot berildi.

Ta’kidlanishicha, joriy yilning 14-may kuni Fransiyadan 10 million AQSh dollari miqdoridagi aktivlar O‘zbekistonga qaytarilgan.

O‘zbekistonga qaytarilgan mablag‘lar O‘zbekiston Respublikasining fuqarolik da’vosi bo‘yicha Parij shahri sudining 2019-yil 29-iyundagi qarori ijrosi doirasida musodara qilingan Parij shahri Marashal Manuri ko‘chasidagi “Triplex” turar joy majmuasida joylashgan ko‘chmas mulkni sotishdan kelib tushgan.

Shuningdek, Adliya vazirligi va Bosh prokuratura tomonidan O‘zbekistonning vakolatli idoralari ishtirokida G.Karimova tomonidan jinoiy yo‘l bilan orttirilgan 1,3 mlrd. AQSh dollaridan ortiq miqdordagi mulklarni qaytarish bo‘yicha Shveysariya, AQSh, Fransiya, Rossiya Federatsiyasi va boshqa davlatlarning vakolatli organlari bilan hamkorlikda ish olib borilmoqda.

Mazkur mablag‘lar O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjetiga o‘tkazib berildi va umumiy tartibda ishlatiladi. Jumladan, Fransiyadan qaytarilgan mablag‘lar sarf qilinishi rejalashtirilgan ijtimoiy loyihalar va ularning amalga oshirilish jarayoni haqida shaffof ma’lumotlar keng jamoatchilikka muntazam va davriy taqdim qilib borilishi rejalashtirilgan.