Aeroportlarda ortiqcha to‘lovlar masalasi qayta ko‘rib chiqiladi 

  • 10:50 / 07.01.2020
  • 477

Kecha, 6-yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligida O‘zbekistonga muntazam parvozlarni amalga oshiruvchi 20 dan ortiq xorijiy aviakompaniyalarining vakillari bilan uchrashuv o‘tkazildi. Uchrashuvda vazirlikning Havo trasportini rivojlantirish departamenti, “O‘zaviatsiya” agentligi, “Uzbekistan Airports” AJ, “O‘zaeronavigatsiya” markazi DUK, “Uzbekistan Airways Technics” MChJ, “Ketring’ MChJlarning rahbar va mutasaddi xodimlari hamda Davlat chegaralarini qo‘riqlash qo‘mitasi vakillari ishtirok etdi.

O‘zbekiston parvozlar sonini ko‘paytirishga va yangi yo‘nalishlarni ochishga tayyor

Uchrashuvda Fly Dubai, Korean Air, Asiana, Turkush Airlines, Air Astana, China Southern, Aeroflot, Sibir va boshqa aviakompaniya vakillari so‘zga chiqib, taklif va muloxazalari bilan fikr almashildi. Aviakompaniya vakillarining ko‘pchiligi O‘zbekiston Respublikasiga parvozlar sonini ko‘paytirishga va yangi yo‘nalishlarni ochishga tayyor ekanliklarini bildirdi. Shu bilan bir qatorda, Transport vazirligining mazkur rejalarni amalga oshirish uchun kerakli chora-tadbirlarni qo‘llashga hamda ko‘maklashishga tayyorligi yuzasidan kelishib olindi.

Aeroportlarda ortiqcha to‘lovlar masalasiga chek qo‘yiladi

Shuningdek, muzokarolar davomida aeroportlarda xizmat qilish tezligini va sifatini oshirish, tariflarni qayta ko‘rib chiqish, aeroportlarda registratsiya qilish o‘rinlarini kengaytirish, xizmat ko‘rsatayotgan agentlar sonini oshirib ular tomonidan ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini kuchaytirish hamda samolyotlar uchib kelish va ketish jadvallarini optimallashtirish va ortiqcha to‘lovlarni qayta ko‘rib chiqish masalalari ham atroflicha muhokama qilindi.