Aholining kredit olish uchun arizalari yagona elektron platforma orqali qabul qilinadi

  • 16:02 / 29.03.2021
  • 131

Endi aholining kredit olish uchun arizalari yagona elektron platforma orqali qabul qilinadi. Bu borada prezidentning tegishli qarori qabul qilindi.

Unga ko‘ra, 2021-yil 1-apreldan:
– aholi va tadbirkorlik sub’yektlarining kredit olish uchun arizalari Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari yagona elektron platformasi orqali qabul qilinadi;
– kredit olishda talabgorlarga “Agrobank”, Xalq banki va “Mikrokreditbank” orasidan birini ixtiyoriy tanlab, imtiyozli kredit olish bo‘yicha murojaat etish imkoniyati yaratiladi; 
– o‘zini o‘zi band qiladigan fuqarolarga ayrim turdagi faoliyatni amalga oshirish maqsadida 5 mln so‘mgacha miqdorida kredit mablag‘lari naqd pulda berilishi mumkin.

Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish loyihalarini moliyalashtirish uchun  “Agrobank” ATBga – 700 mlrd so‘m, “Mikrokreditbank” ATBga – 400 mlrd so‘m va AT Xalq bankiga – 200 mlrd so‘m yo‘naltiriladi.