Aksilkorrupsiya agentligi, IIV va UzAuto Motors avtosalonlardagi “shapka”larga qarshi kurashni boshladi

  • 12:57 / 26.07.2021
  • 2339

Ichki ishlar vazirligi, “UzAuto Motors” AJ va Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi GM avtomobillari sotuvidagi korrupsiyaviy holatlarni bartaraf etishga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshiradi. Bu haqda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi Matbuot xizmati ma’lum qildi.

Jumladan, ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan “UzAuto Motors” AJ tomonidan  ishlab chiqarilayotgan avtomobillarni sotib olish jarayonida uzoq muddatli navbatlar tashkil qilinganligi ortidan “ustama evaziga” navbatsiz avtomobil sotib olish holatlari kuzatilayotganligi to‘g‘risidagi maqolalar keng jamoatchilik muhokamalariga sabab bo‘lmoqda.

Shunga ko‘ra, avtomobillarni sotib olish jarayonida korrupsiyaviy holatlarni oldini olish maqsadida axborot tizimlarini integratsiya qilish orqali bu jarayonda ochiqlik va shaffoflikni ta’minlashga qaratilgan chora-tadbirlar rejasi Ichki ishlar vazirligi, “UzAuto Motors” AJ va Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi o‘rtasida ishlab chiqilib, tasdiqlandi. 

Unda quyidagilar amalga oshirilishi belgilandi:
– avtomototransport vositasini sotib olish jarayonida shartnoma tuzish, joriy savdoda mavjud avtomobillar qoldig‘i, shartnoma navbatini onlayn kuzatish xizmatlari mavjudligi to‘g‘risida mijozlarga batafsil ma’lumot berish, jumladan ommaviy axborot vositalari orqali targ‘ibot ishlarini amalga oshirish;

– “UzAuto Motors” AJ va IIV Davlat yo‘l harakati xavfsizligi xizmati axborot tizimlari (bazalari)ni integratsiya qilish orqali “UzAuto Motors” AJning dilerlik korxonalari tomonidan mijozlarga rasmiylashtirilib berilayotgan hisob-ma’lumotnomalarni IIV Yo‘l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasida haqiqatda shartnoma tuzgan shaxs nomiga rasmiylashtirishni ta’minlash; 

– “UzAuto Motors” AJ va DYHXX axborot tizimlari o‘rtasida ma’lumotlar almashuvini dastlab tajriba tariqasida Toshkent shahrida, keyinchalik Respublika miqyosida joriy etish;  

– qog‘oz ko‘rinishidagi (blank) hisob ma’lumotnomaga qo‘shimcha ravishda IIV YHXBB va “UzAutoMotors” AJ o‘rtasida integratsiyalashgan himoya darajasiga ega bo‘lgan elektron ma’lumot almashish tizimini (modul) joriy qilish. 

Ichki ishlar vazirligi, “UzAuto Motors” AJ tomonidan yuqorida keltirilgan chora-tadbirlar ijrosi bajarilishi hamda natijasi bo‘yicha  Agentlikka axborot kiritib borilishiga kelishildi.