AKT vazirligi yil oxirigacha barcha maktablarni yuqori tezlikdagi Internetga ulab bo‘lishi kerak – Prezident farmoni

  • 07:29 / 15.07.2021
  • 70

Prezidentning joriy yil 14-iyuldagi “Yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va ularning ijtimoiy faolligini yanada oshirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” Farmoniga ko‘ra, Axborot texnologiyalari va kommunikasiyalarini rivojlantirish vazirligi (Sh.M. Sadikov) 2021-yil yakuniga qadar barcha umumiy o‘rta ta’lim maktablarini yuqori tezlikdagi Internetga ulash ishlarini to‘liq yakunlashi shart.

Shuningdek, Xalq ta’limi vazirligi (Sh.X. Shermatov), Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi (A.X. Toshqulov) Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi (U.N. Tashkenbayev) bilan birgalikda 2021/2022-o‘quv yilidan bosqichma-bosqich umumiy o‘rta va o‘rta maxsus, professional va oliy ta’lim muassasalarida axborot texnologiyalari darslari Kembrij dasturi asosida o‘tkazilishini hamda o‘qituvchilarning ushbu dastur asosida qayta tayyorlanishini ta’minlashlari lozim.

Eslatib o‘tamiz, Prezidentning 3931-sonli qarorida ham xalq ta’limi tizimidagi muassasalarni optik tolali aloqa liniyalari bilan ta’minlash belgilangan. Unga ko‘ra, “O‘zbektelekom” aksiyadorlik kompaniyasi bilan birgalikda, uch yillik chora-tadbirlari rejasini ishlab chiqilgan bo‘lib, mamlakatdagi 10 mingta ta’lim muassasasidan –  2019-yil oxirigacha ularning 4 152tasi (40 foiz), 2020-yilda esa 4 367tasi, 2021-yilda 1 600tasi to‘liq optik tolali internet bilan ta’minlanishi ko‘zda tutilgan.