Aktrisa Asal Shodiyeva nomidan feyk akkaunt ochib pul ishlagan shaxs 10-sinf o‘quvchisi bo‘lib chiqdi

  • 10:21 / 19.06.2021
  • 491

Aktrisa Asal Shodiyeva nomidan feyk akkaunt ochib, odamlarning pullarini yechib olgan 10-sinf o‘quvchisi aniqlandi, deya xabar bermoqda IIV Kiberxavfsizlik markazi axborot xizmati.

Xabarda aytilishicha, Qoraqalpog‘iston Respublikasining Nukus shahrida yashovchi fuqaro D.K. joriy yilning 15-mart kuni shahar IIBga ariza bilan murojaat qilgan. 

Ariza mazmuniga ko‘ra, 14-mart kuni qizi N.R.ning “Instagram” ijtimoiy tarmog‘idagi profiliga “giveaway-asal” va “asalshodieva_dar1t” nomi bilan ochilgan noma’lum profildan “Siz 200 ming so‘m pul mukofotini yutib oldingiz” degan mazmundagi xabar kelgan va N.R. o‘ziga tegishli "Uzkard" bank kartasining kodi va parolini yozib bergan. So‘ng shu kuni soat 21:00 larda bank kartasida mavjud bo‘lgan jami 600 ming so‘m miqdordagi pul yechib olingani ma’lum bo‘lgan.

Olib borilgan tezkor-texnik tadbirlar natijasida, ushbu jinoyatni sodir etgan shaxs Samarqand viloyatida yashovchi 2003-yilda tug‘ilgan A.A. ekanligi ma’lum bo‘lgan. Holat yuzasidan gumonlanuvchiga O‘zbekiston Respublikasi JKning 168-moddasi (firibgarlik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Hozirda ushbu fuqaroning boshqa turdosh jinoyatlarga aloqadorligi tekshirilmoqda.