Aktrisa Gulnora Talipova $60 ming evaziga behayo filmda rol ijro etish taklifi boʻlgani haqida soʻzlab berdi

  • 17:29 / 11.06.2021
  • 507

“Jurnalist” serialidagi qaynona obrazi orqali tomoshabinlar eʼtiboriga tushgan aktrisa Gulnora Talipova oʻzbek rejissyorlaridan biri unga behayo filmda suratga tushish taklifini bildirgani haqida gapirib berdi.

“Ism-sharifini aytmayman. Meni koʻrsa xafa boʻlib qoladi. 2014-2015 yillarda ana shu rejissyor meni ofisiga chaqirdi, bordim. U paytlarda yoshroq, ozgʻinroq edim. “Opa, qozogʻistonlik rejissyorlar filmga taklif qilishyapti, sizni maslahat berdim. Qoʻshmachining rolini ijro etish kerak. Oʻynashingiz bilan sahnalar boʻladi, och-sochiq kiyimda boʻlasiz” dedi. Oʻsha rejissyorga qarab, “Siz ham oʻzbekmisiz? Sizni ham oʻzbek tuqqanmi?” dedim. U yerga katta pul tikilgandi, oʻsha yerning oʻzida 30 ming dollar, keyin yana 30 ming, umumiy hisobda 60 ming dollar beriladigan boʻlgan. “Och qolsam ham, qotgan non yesam ham bu ishni qilmayman” dedim. “Qoʻrqmang, film Toshkentda koʻrsatilmaydi, faqat internetga qoʻyiladi. Oʻylab koʻring, siz aktrisasiz, yaxshi rolni ham, yomon rolni ham oʻynashingiz kerak” dedi. “Biz oʻzbekmiz-ku, musulmonmiz-ku. Sen ham erkak kishisan, opang yoki singling aktrisa boʻlsa, unga shunaqa taklif qilishsa, nima degan boʻlarding?” deb chiqib ketdim.

Aktrisa unga mazkur taklifni bergan yigit taniqli rejissyorlardan biri ekanligi, rejissyorlar tomonidan unga koʻp bor nojoʻya takliflar bildirilgani, biroq bu narsa barcha rejissyorlar bir xil ekanligidan darak bermasligini taʼkidlagan.