“Al Jazeera” telekanali muxbiri Agneshka Pikuliskaning akkreditatsiyasi uzaytirilmaydigan bo‘ldi

  • 10:56 / 02.06.2021
  • 166

O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligining rasmiy vakili, Vazir maslahatchisi va matbuot kotibi Yusup Kabuljanov “Al Jazeera” telekanali muxbiri A.Pikuliska-Vilchevskaning akkreditatsiyasi uzaytirilmasligi haqida ma’lum qildi.

Ta’kidlanishicha, “Al Jazeera” telekanali muxbiri A.Pikuliska-Vilchevska tomonidan O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligining buzilishi holatlari qayd etilganligi sababli Tashqi ishlar vazirligi uning akkreditasiyasini uzaytirmaslik to‘g‘risida qaror qabul qilgan.

Eslatib o‘tamiz, joriy yil 3-fevral kuni Agniyeshka Pikuliska-Vilchevska “Al Jazeera” telekanalining O‘zbekistondagi muxbiri sifatida akkreditasiyadan o‘tkazilgan edi.

Ushbu muxbir bunga qadar o‘zining Twitter akkauntida O‘zbekiston TIV joriy yilda unga akkreditatsiya berishni rad etgani, o‘tgan yili esa akkreditatsiya olgach, TIVning “Rustam” ismli xodimi unga tegajog‘lik qilib, o‘pmoqchi bo‘lgani, bundan tashqari TIV xodimi “salbiy yangiliklar ko‘payib ketgani” uchun undan karantin haqida ijobiy maqola yozishni so‘ragani, u bu taklifni rad etganidan keyin, TIV xodimi unga noxolisligi va jurnalist emasligini aytgani haqida yozib qoldirgan edi. 

Muxbirning bu ayblovlaridan keyin Mass-media fondi Vasiylik kengashi raisi Komil Allamjonov va Senat raisi Tanzila Narbayevalar ushbu holatga munosabat bildirib Agneshka bilan sodir bo‘lgan voqea O‘zbekistonda ham, boshqa mamlakatlarda ham mutlaqo qabul qilinishi mumkin bo‘lmagan holatligini ta’kidlashgan edi.

Keyinroq holat bo‘yicha O‘zbekiston TIV bayonot berib, unda muxbir tilga olgan vazirlik xodimi TIV tizimidan bo‘shatilganini, shuningdek, Agneshkaning jurnalistik akkreditatsiyasini rasmiylashtirish jarayoni 3-fevral kuni yakunlanishini ma’lum qilgan edi.

Shuningdek, “Al Jazeera” telekanali muxbiri A.Pikuliska-Vilchevska joriy yilning 29-martidan boshlab LGBT targ‘ibotchisi M.Bozorov atrofida bo‘layotgan voqealarga noxolis yondashib o‘zining Twitter'idagi sahifasida aslida ro‘y bermayotgan voqealarni yoritib kelganlikda ayblangan edi.