Amerikalik shifokorlar koronavirusga chalingan bemorni qanday davolaganliklarini oshkor qilishdi

  • 12:51 / 06.02.2020
  • 1103

Foto: Depositphotos / alexraths

Amerikalik shifokorlar AQShda koronavirus tashxisi bilan qayd etilgan birinchi bemorni qanday davolaganliklarini “The New England Journal of Medicine” tibbiyot jurnalida e’lon qilishdi.
19-yanvar kuni Vashington shahridagi klinikalardan biriga 35 yoshli erkak to‘rt kundan buyon kechayotgan yo‘tal va bosh aylanishidan shikoyat qilib keladi. U 15-yanvar kuni Xitoyning Uxan shahridan qaytib kelgan ekan.

Tibbiy tekshiruvlar natijasida bemorda 37,2 darajali isitma va o‘pka xirillashi aniqlandi. Biroq o‘pka rentgen tekshiruvidan o‘tkazilganda, u toza chiqdi. Grippning A va V turi, koronavirusning eng keng tarqalgan turlari (HKU1, NL63, 229E i OC43)ga olingan tahlillar salbiy chiqdi. Tibbiyot xodimlari bemorni 2019-nCoVga tekshirib ko‘rishganida, test natijalari ijobiy chiqdi. Shundan so‘ng amerikalikni darhol izolyatsiya qilishdi.

Bu davr mobaynida bemorda ko‘ngil aynishi va qusish, holsizlik belgilari paydo bo‘ldi. Unga organizmga quvvat bo‘luvchi fizrastvor va ko‘ngil aynishiga qarshi ondansetron tayinlandi. Oltinchi va yettinchi kunlari bemorda diareya boshlandi. Axlat, burun va og‘izdan olingan tahlil natijalari virus borligini yana bir karra isbotladi. Zudlik bilan bemorga isitma tushiruvchi va yo‘talga qarshi dori vositasi tayinlandi.

Kasallikning to‘qqizinchi kuni rentgenogramma chap o‘pkaning pastki qismida dog‘ paydo bo‘lgani ya’ni pnevmoniya borligini ko‘rsatdi. Organizmning kislorod bilan to‘yinishi 90 foizga tushib ketdi, shundan so‘ng bemorning burun qismidan kislorod yuborila boshlandi. Shifokorlar kasallik varaqasiga vankomitsin va sefepim dorilarini qo‘shishdi.

O‘ninchi kun esa har ikki o‘pkada yo‘l-yo‘l xira dog‘lar paydo bo‘ldi. Atipik pnevmoniya. O‘pka eshitib ko‘rilganida, bo‘g‘iq xirillash ham bor edi. Shifokorlar bemor tomiriga remdesivir dorisini yubora boshlashdi. Vankomitsin va sefepim to‘xtatildi.
Kasallikning 12-kuni bemorning holati yaxshilandi – xirillash yo‘qoldi, isitma tushib, ishtaha paydo bo‘ldi va organizmning kislorod bilan to‘yinishi ham me’yoriga tushdi. 15-kun esa bemorning kasalligidan faqat yo‘qolib borayotgan yo‘tal qoldi, xolos.