Andijon viloyati hokimligining pora bilan qo‘lga tushgan mansabdorlariga sud hukmi o‘qildi

  • 06:51 / 05.06.2021
  • 250

Andijon viloyati sudida viloyat hokimligining pora bilan qo‘lga tushgan mansabdorlariga nisbatan sud hukmi o‘qildi.

2021-yil 4-iyun kuni Andijon viloyati sudida Andijon viloyati hokimligi huzuridagi “Kichik sanoat zonalarini boshqarish yagona direksiyasi” bosh mutaxassisi lavozimida ishlagan Oybek Abdujalilov, “Universal vodiy gips” MChJ rahbari lavozimida ishlagan Abdulhamid Usvaliyev, fuqaro Abdurahmon Usvaliyev va Andijon viloyati hokimligi Iqtisodiy taraqiyoti va kambag‘allikni qisqartirish Bosh boshqarmasi g‘aznachisi lavozimida ishlagan Umidjon Soliyevga oid jinoyat ishini ko‘rib chiqdi.

Ish hujjatlari va sudda aniqlangan holatlarga ko‘ra, sudlanuvchi O. Abdujalilov U. Soliyev hamda Abdulhamid va Abdurahmon Usvaliyevlar bilan oldindan til biriktirib, jabrlanuvchi I. Dadaxodjayevga Xo‘jaobod tuman hokimiyati mansabdor shaxslari orqali tuman hududidan chorvachilik fermer xo‘jaligi tashkil qilish uchun jami 100 gektar yer maydoni ajratib, hujjatlarini tayyorlab berishlari evaziga, firibgarlik yo‘li bilan uni jami 135 000 AQSh dollari miqdorida pora berishga dalolat qilib, I. Dadaxodjayevdan 2021-yil 26-mart kuni ushbu pullar hisobidan dastlab 7 000 AQSh dollarini olib, 2021-yil 29-mart kuni qolgan 128 000 AQSh dollarini Andijon shahar, Bo‘ston dahasida joylashgan “UzDongYang-Ko” qo‘shma korxonasi oldida olayotganlarida DXX hamda IJQK departamenti Andijon viloyati boshqarmasi xodimlari tomonidan xamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida ushlangan.

Shuningdek, shu kuni O. Abdujalilovning ixtiyoriy roziligiga ko‘ra davom ettirilgan tezkor tadbirda U. Soliyev jabrlanuvchi I. Dadaxodjayevdan Xo‘jaobod tuman hokimiyati mansabdor shaxslari orqali tuman hududidan chorvachilik fermer xo‘jaligi tashkil qilish uchun yer maydoni ajratib, hujjatlarini tayyorlab berishi evaziga pora berishga dalolat qilib, firibgarlik yo‘li bilan talab qilingan 135 000 AQSh dollari miqdoridagi pullardan o‘ziga tegishli 70 000 AQSh dollarini jinoiy sherigi O. Abdujalilovdan olgan vaqtida DXX hamda IJQK departamenti Andijon viloyati boshqarmasi xodimlari tomonidan ushlangan.

Yuqoridagi qayd etilgan jinoiy harakatlar uchun O. Abdujalilov Jinoyat kodeksining 25,168-moddasi 4-qismi “a” bandi va 28,211-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan aybli deb topilib, unga 3 yil mansabdorlik lavozimlari va moddiy javobgarlik yuklatilgan vazifalarida ishlash huquqidan mahrum qilingan holda 10 yil 6 oy, Abdulhamid Usvaliyev Jinoyat kodeksining 25,168-moddasi 4-qismi “a” bandi va 28,211-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan aybli deb topilib, unga 10 yil 2 oy, Abdurahmon Usvaliyev Jinoyat kodeksining 25,168-moddasi 4-qismi “a” bandi va 28,211-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan aybli deb topilib, unga 10 yil 2 oy, U. Soliyev Jinoyat kodeksining 25,168-moddasi 4-qismi “a” bandi va 28,211-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan aybli deb topilib, unga 3 yil mansabdorlik lavozimlari va moddiy javobgarlik yuklatilgan vazifalarida ishlash huquqidan mahrum qilingan holda 10 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazolari tayinlandi.