Andijonda 5 oylik kelinning zo‘rlanishiga oid xabarlar o‘z tasdig‘ini topmadi. Ayolning harakatiga huquqiy baho beriladi

  • 16:09 / 29.05.2021
  • 288

Ijtimoiy tarmoqlarda “Andijonda 5 oylik kelinning zoʻrlanishi” sarlavhasi ostida tarqalgan xabarlar yuzasidan rasmiy maʼlumot berildi. 

Unga ko'ra, 2021-yil 13-may kuni fuqaro O.O.ni zoʻrlanishi bilan bogʻliq holat yuzasidan Andijon tumani IIB huzuridagi Tergov boʻlimi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 118-moddasi 1-qismi (nomusga tegish) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlarini har tomonlama toʻla va xolisona oʻtkazilishini taʼminlash maqsadida, Andijon viloyati IIB huzuridagi Tergov boshqarmasining malakali tergovchisi ish yurituviga oʻtkazilgan va tergov guruhi tuzilgan.

Tergov harakatlari IIV tomonidan alohida nazoratga olingani ham ma‘lum qilingan.

Holat yuzasidan hodisa joyiga zudlik bilan tergov-tezkor guruhi chiqib, videotasvirga olgan holda koʻzdan kechirilgan va ishga aloqador boʻlgan barcha ashyolar, jumladan, arizachi va gumondorlarga tegishli kiyim-kechaklar olingani aytilgan.
Tergov harakatlari davomida jabrlanuvchi hamda gumon qilingan shaxslarning barchasi sud-tibbiy ekspertizasidan oʻtkazilib, olingan ashyolar boʻyicha sudga oid biologiya, sudga oid kriminalistika, sudga oid tolali materiallarni kriminalistik tekshirish va sudga oid fizika-texnikaviy ekspertizalari tayinlangan.

Sud tibbiy ekspertizasining xulosasiga koʻra, jabrlanuvchi O.O.ning badanida zoʻrlik alomatlari bilan bogʻliq tan jarohatlari mavjud emasligi, 13-14 haftalik homilador ekanligi va homilasi rivojlanayotganligi aniqlangan.

Sudga oid tolali materiallarni kriminalistik tekshirish ekspertizasining xulosasiga koʻra, jabrlanuvchi O.O.ning kiyimlarida gumondorlarning kiyimlariga tegishli tolalar mavjud emasligi aniqlangan.    

Jabrlanuvchi O.O. yaqin qarindoshlari va himoyachisi ishtirokida soʻroq qilinganida, uni hech kim zoʻrlab nomusiga tegmaganligini, ayrim shaxslar (qonunchilik talablariga asosan shaxs haqidagi maʼlumotlar sir saqlanadi) moddiy manfaatdor boʻlish evaziga uni zoʻrlab nomusiga tekkanligi haqida ariza va koʻrsatma berishga majbur qilganligini, agarda ushbu koʻrsatmani bermasa, turmush oʻrtogʻi bilan birga yashattirmasdan, ajratib yuborishligini aytganligi sababli, ilojsizlikdan yolgʻon koʻrsatma berganligini maʼlum qilgan.

Shuningdek, ishga aloqador boʻlgan va guvoh tariqasida soʻroq qilingan shaxslar, hodisa kuni jabrlanuvchi O.O.ga tegishli boʻlgan shiypon atrofida begona erkaklarni koʻrmaganligini hamda dala shiyponidan ayol kishining yordam soʻrab baqirgan ovozini eshitilmaganligini maʼlum qilgan.

Oʻtkazilgan tergov harakatlari davomida jabrlanuvchi O.O. maʼlum qilgan besh nafar shaxslar voqea sodir boʻlgan kuni hodisa joyida, yaʼni jabrlanuvchi O.O.ga tegishli boʻlgan dala shiyponida umuman boʻlmaganliklari aniqlangan.

Tergov harakatlari davomida toʻplangan inkor qilib boʻlmas dalillarga asosan fuqaro O.O.ning zoʻrlanganligi toʻgʻrisidagi vajlari oʻz tasdigʻini topmaganligi sababli, jinoyat ishining gumon qilinuvchilarga tegishli qismini JPKning 83-moddasiga (jinoiy hodisa yuz bermagan yoki shaxsning qilmishida jinoyat tarkibi boʻlmasa) asosan tugatish masalasi koʻrib chiqilmoqda.

"Hozirda fuqaro O.O. va boshqalarning tuhmat qilganliklari holatiga huquqiy baho berish maqsadida tergov harakatlari davom ettirilmoqda", – deyiladi xabarda.