Andijonda viloyat hokimligi oldida yo‘lni to‘sib qo‘ygan ayollar jazolandi. Ularning aksariyatiga qamoq jazosi tayinlangan

  • 14:56 / 02.08.2021
  • 198

Joriy yilning 31-iyul kuni ijtimoiy tarmoqlarda “Andijon viloyati hokimiyat binosini oldiga bir nechta ayollar yo‘llarni to‘sganligi aytilmoqda” sarlavhasi ostida tarqalgan videolavha tarqalgan edi.

Andijon viloyati IIBning ma’lum qilishicha, o‘sha kuni bir guruh shaxslar viloyat hokimligi binosi oldiga to‘planib, hokimninng qabul qilishini talab qilishgan. Ammo viloyat hokimining qabul kunlariga kiritilgan o‘zgartirishlarga ko‘ra, ushbu kunda qabul rejalashtirilmagan.

Viloyat hokimligi binosi oldiga kelgan fuqarolar esa viloyat hokimining fuqarolarni qabul qilishlarini talab qilib, hokimlik oldidagi katta yo‘lni to‘sib qo‘yishgan.
Mazkur holat yuzasidan Andijon viloyati IIB tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilib, to‘plangan hujjatlar Jinoyat ishlari bo‘yicha Andijon shahar sudiga yuborilgan. 

Shahar sudida bo‘lib o‘tgan ochiq sud majlisida 17 nafar fuqaroga nisbatan yuqoridagi huquqbuzarliklari uchun tegishli tartibda ma’muriy choralar qo‘llanildi.

Qayd etilishicha, ularga nisbatan MJtKning 183-moddasi, 194-moddasi 1-qismi hamda 201-moddasi bilan ma’muriy javobgarlik belgilangan. 

Jumladan, 11 nafar fuqaroga nisbatan 8-15 sutkagacha ma’muriy qamoq jazosi tayinlangan bo‘lsa, 6 nafar fuqaroga BHMning 7 baravari miqdorida jarima tayinlangan.