Andijondagi yig‘ilishda deputatlar hokim topshirig‘i bilan tintuv qilingan – Milliy gvardiya

  • 13:13 / 18.05.2021
  • 368

Avvalroq, Andijon viloyatida bo‘lib o‘tgan Xalq deputatlari shahar Kengashining sessiyasi va unda deputatlarning tintuv qilingani to‘g‘risida xabar berilgan edi.
Mazkur holat yuzasidan Milliy gvardiya Matbuot xizmati munosabat bildirdi.

Unga ko‘ra, Andijon shahrida joylashgan 2-sonli Bolalar musiqa va san’at maktabi binosida o‘tkazilishi rejalashtirilgan mazkur sessiyaga shahar Qo‘riqlash bo‘limi xodimlari Andijon shahar IIB boshlig‘ining so‘rovnomasiga asosan jalb qilingan.

Mazkur sessiya kun tartibiga esa Andijon shahar prokurori tomonidan kiritilgan taqdimnoma asosida "O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatining va Senati a’zosining maqomi to‘g‘risida" gi Qonunda belgilangan tartibda shahar Kengashi deputati Sh.Karimovni daxlsizlik huquqidan mahrum qilish masalasi qo‘yilgan bo‘lgan.

Andijon shahar Qo‘riqlash bo‘limi xodimlari shahar hokimining topshirig‘i bilan sessiya ishi boshlangunga qadar shahar IIB, shahar prokuraturasi va hokimligidan ajratilgan mas’ul xodimlar kuzatuvi ostida tashrif buyurgan sessiya qatnashuvchilarni metallodetektor yordamida ko‘rikdan o‘tkazgan va uyali aloqa hamda ovozli videoga oluvchi vositalarini qoldirib kirishlarini talab qilgan.

Tarqatilgan xabarda aks ettirilgan qo‘riqlash xodimi bilan bog‘liq videotasvir yuqorida qayd etilgan mas’ul xodimlarning birgalikdagi nazorati jarayonidan tasvirga olingan.